Afg‘on prezidenti xalqaro kuchlar 2013 yilda chiqib ketishini so‘ragan

Image copyright AP
Image caption "Xavfsizlik uchun masuliyatni o‘zimiz bo‘ynimizga olishga tayyormiz", - deb aytgan afg‘on prezidenti

Payshanba kuni Homid Karzay xorijiy kuchlarni rejalashtirilgan 2014 yilda emas, 2013 yilda olib chiqib ketilishini so‘ragan.

Afg‘onistonga tashrif buyurgan Pentagon rahbari Leon Panettega "Xavfsizlik uchun masuliyatni o‘zimiz bo‘ynimizga olishga tayyormiz", - deb aytgan.

Afg‘oniston prezidenti shuningdek, Qandahor viloyatidagi qishloqda 16 tinch fuqaroni Amerika askari otib o‘ldirganidan keyin barcha askarlar harbiy bazaga qaytib ketishlari vaziyat uchun to‘g‘ri bo‘lishini aytgan.

Seshanba kuni Amerika prezidenti Barak Obama sodir etilgan hodisa ortidan Afg‘onistondagi xalqaro kuchlarni olib chiqishga shoshmaslik kerakligini bildirgan.

Afg‘oniston janubidagi Qandahor viloyati Panjvoyi tumanidagi harbiy bazada xizmat o‘tayotgan Amerika askari o‘tgan hafta shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi bazaga yaqin joylashgan mahalliy aholi uylariga kirgan, odamlarga qarata o‘t ochgan.

Hodisa tungi soat 3 larda yuz bergan.

Harbiy bazadan 500 metrcha uzoqlikda joylashgan qishloqlar nomi Alkozay va Najiban ekani xabar qilingan.

Halok bo‘lganlarning to‘qqiz nafari bolalar bo‘lganlar.

Bir keksa kishi o‘z oilasining 11 a‘zosi o‘ldirilganini aytgan.

Bu xonadondagi insonlar otib o‘ldirilganidan keyin jasadlar yoqib yuborilgan.

Ismi sharifi oshkor etilmagan askarning yana harbiy bazasiga qaytib taslim bo‘lgani xabar qilingan.

Amerika harbiylariga ko‘ra, ushbu hujumdan oldin askar asabiy xurujga duch kelgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzayga qo‘ng‘iroq qilib ta‘ziya izhor qilgan.

Ushbu qotillik yuzasidan NATO Bosh kotibi Anders fog' Rasmussen ham hamdardlik bildirgan, NATO rahbari bayonotida ushbu hodisa sinchkovlik bilan tekshirilishiga va‘da berilgan.

Biroq Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay qotillikni "kechirib bo‘lmas", deb atagan.