Misrda futbol ishqibozlariga hukm o‘qilgan

Image copyright AFP
Image caption Futbol mavsumi tartibsizliklar tufayli bekor qilingan va o‘yinlar o‘tkazilishiga hanuz ruxsat berilmagan.

Misr bosh prokurori 1 fevralda futbol o‘yinini tomosha qilishga kelgan 75 kishini o‘yindan so‘ng tartibsizliklarni keltirib chiqarish va 74 kishining o‘limida aybdor deb topgan.

Ularning orasida bo‘lgan to‘qqizta politsiyachiga ham hukm e‘lon qilingan, - deyishgan kuzatuvchilar.

1 fevralda Port Saiddagi futbol musobaqasi tugagach, ikki yirik klub al-Masri va al-Axli guruhlarining ishqibozlari to‘qnashishgan.

Tartibsizliklarda politsiya qatnashmadi, degan mish-mishlarning tarqalishi natijasida butun mamlakat bo‘ylab yangi to‘qnashuvlar boshlanib ketgan, natijada 16 kishi halok bo‘lgan.

Futbol tarixidagi eng qonli voqealardan keyin general-mayor Samoq qo‘lga olingan.

Xavfsizlik Kengashining sobiq rahbari general-mayor Isom Samoq aynan nimada ayblangani ravshanlanmagan.

Ikki voyaga yetmagan o‘smirning ishi bolalar mahkamasiga topshirilgan.

Qonli uchrashuv

1 fevral kuni Port Saidning mezboni Al-Masri guruhi o‘yinni 3:1 hisobida yutadi.

Musobaqa tugugandan so‘ng avval Al-Masri ishqibozlari, so‘ngra al-Ahli hujumchilari va tarafdorlari maydonga yopirilib kirishadi. Bu ikki guruhning azaldan bir-biriga raqib bo‘lganligi, ular ishtirokidagi o‘yinlar hamisha katta xavfsizlik kuchlarini talab qilganligi aytilgan.

Futbol ishqibozlariga ko‘ra, o‘yin boshlanishidan oldin arenaga pichoq va boshqa qurollarni olib kirilishiga to‘sqinlik qilinmagan.

Tartibsizliklardan bir necha kun o‘tib, Qohiradagi Ichki Ishlar Vazirligi binosi atrofida harbiy hukumatni qotillikda ayblab ommaviy namoyishlar o‘tkazilgan.

BBCning Qohiradagi muxbiri Jon Leynega ko‘ra, ko‘pchilik misrliklar hukumatning o‘zi zo‘ravonliklarni tashkillashtirishgan yoki uni davom etishiga yo‘l qo‘yib bergan, deb biladi.

Sababi, o‘tgan yili Husni Muborakni qudratdan ag‘dargan kuchlar safida ko‘plab al-Ahli guruhining ishqibozlari bo‘lishgan.

Al-Ahli ishqibozlari qotillikka mas‘ul kishilar javobgarlikka tortilishi kerakligini aytishgan.

Futbol ligasi mavsumi tartibsizliklar tufayli bekor qilingan va o‘yinlar o‘tkazilishiga hanuz ruxsat berilmagan.

BBC muxbirining aytishicha, yopiq eshiklar ortida cheklangan tarzda musobaqalar o‘tkazish ustida muzokaralar bormoqda.