Huquq himoyachilari Rossiya va Xitoyga murojaat bilan chiqishdi

Image copyright afp
Image caption Turkiya bilan chegaradosh Idlibdan o‘tayotgan qochqinlar soni keskin ortgan

200 ta huquqni himoya qilish tashkilotlaridan iborat Butunjahon huquq himoyachilari koalitsiyasi Suriyadagi aksilhukumat namoyishlarining bir yilligida Rossiya va Xitoyni BMT Xavfsizlik Kengashining faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Huquq himoyachilari BMT Xavfsizlik Kengashidan Suriya hukumatidan zo‘ravonliklarni to‘xtatishni talab qiladigan rezolyutsiya qabul qilishni so‘rashgan.

Rossiya va Xitoy BMTning Suriya bo‘yicha rezolyutsiyasiga veto qo‘yishgan.

Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Bashar Al-Assadning tuzumini emas, adolatni himoya qilayotganini aytib chiqqan.

Chorshanba kuni Suriya kuchlari Dera shahrini hujumga tutganlar.

Turkiya bilan chegaradosh Idlibdan o‘tayotgan qochqinlar soni keskin ortgan. Chorshanba kuni 1000 nafar qochqin chegaradan o‘tgan.

27 mamlakatning 200 ta huquqni himoya qilish tashkilotlari, jumladan Human Rights Watch, Christian Aid, inson huquqlari masalalarini o‘rganuvchi Qohira instituti va inson huquqlari bo‘yicha Xalqaro federatsiya Xavfsizlik kengashiga murojaat qilib, Suriya hukumatining harakatlarini qoralagan.

"Suriyada bir yil davomida 8000 ga yaqin kishi o‘ldirildi, jumladan yuzlab bolalar nobud bo‘ldi",- degan Qohira instituti bosh direktori Ziyod Abdul Tavob. "Bu zo‘ravonliklarni to‘xtatish uchun butun dunyo hamjamiyati harakat qilishining ayni payti emasmi?"

Inson huquqlari xalqaro federatsiyasining prezidenti Soher Belxassenning aytishicha, "Bir yildan buyon davom etib kelayotgan to‘xtovsiz qon to‘kishlarda qahramonlik bilan jon saqlab kelayotgan Suriya xalqiga butun dunyo qarab, tomosha qilib turibdi."

"Xalqaro hamjamiyat birlashishi va Suriya xalqiga bu dahshatlarni tugatilishiga yordam berishi kerak", - deb aytgan janob Belxassen.

Huquq faollari Suriya hukumatini tinch aholiga nisbatan o‘t ochishni, noqonuniy hibsga olishlar va qiynoqlarni zudlik bilan to‘xtatishni, insonparvarlik yordamlarini to‘liq yetkazilishiga, jurnalistlar va kuzatuvchilarning faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirishgan.

Huquq himoyachilari xalqaro jamoatchilikdan Arab Ligasi va BMT maxsus elchisi Kofi Annanning harakatlarini qo‘llab quvvatlashni so‘ragan.

Kofi Annan o‘tgan hafta Damashqda prezident Bashar al- Assad bilan uchrashgan,

Suriya hukumatiga topshirilgan tinchlik rejasida har ikki tomonning kelishuvga rioya qilishi, insonparvarlik yordamga to‘sqinlik qilmaslik va siyosiy muloqotni boshlash urg‘ulangan.

Muxolifat faollariga ko‘ra, Suriya hukumati kuchlari shimoliy g‘arbdagi Idlib shahri ustidan bir necha kunlik janglar ortidan nazorat o‘rnatishgan

Ayni vaqtda BMTning Suriya bo‘yicha vakili prezident Assad unga taklif qilingan tinchlik rejasi bo‘yicha javob yo‘llaganini aytgan.

Juma kuni BMT Xavfsizlik Kengashida Kofi Annanning Suriya inqiroziga bag‘ishlangan chiqishi kutilmoqda.

BMTga ko‘ra, bugunga qadar Suriyada zo‘ravonliklar oqibatida 8000 kishi qurbon bo‘lgan.