O‘zbekistonliklar xorijga chiqib radikallashayaptimi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Dindor o‘zbekistonliklar xorijda ko‘proq diniy erkinliklarga egalar

O‘zbekistondan chet mamlakatlarga siyosiy boshpana qidirib chiqqanlarning yarmi o‘z vatanida mustaqil va yo hukumatning rasmiy dindorlaridan farqli diniy qarashlari uchun tazyiqlarga uchragan shaxslar ekani aytiladi.

Amerikada uch nafar o‘zbekistonlikning diniy ekstremistik faoliyati yo terrorchi tashkilotlarga ko‘mak berishda ayblanib hibsga olinishi o‘zbekistonlik muhojirlar orasida turli xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Ko‘p liberal muhojirlar bu yangilik ularning "g‘ashiga tekkan"ini aytishsa, boshqalar vatandoshlari amallarini qoralashdan bosh tortishmoqda.

Yanvar oyida 35 yoshli Jamshid Muxtorov Islomiy Jihod Ittifoqiga moliyaviy ko‘mak berishda ayblanib Chikagoda hisbga olindi.

Fevral boshida 22 yoshli Ulug‘bek Qodirov AQShning Birmingem shahrida o‘tgan mahkamada Prezident Obamani o‘ldirishga til biriktirganini bo‘yniga oldi.

15 martda 45 yoshli Baxtiyor Jumayev, go‘yoki sherigi Muxtorov bilan birgalikda, Islomiy Jihod Ittifoqiga yordam berishda ayblandi.

Ovro‘poda esa, 30 yanvarda asli o‘zbekistonlik muhojir Devid Jeykobson (asli ismi Alisher Abdullayev) Norvegiya mahkamasi tomonidan terror amalini tayyorlashda aybdor deb topildi va to‘rt oylik qamoq jazosiga mahkum etildi, biroq tergov davrida panjara ortida o‘tkazgan muddati tufayli mahkama zalidan ozod etildi.

"Muammo ildizi O‘zbekistonda"

Ayrimlar o‘zbekistonlik muhojirlar orasida radikallashuv an‘anasi va avj olayotgan tendentsiya haqida ham gapirmoqda.

Hozir Amerikada yashayotgan o‘zbekistonlik muhojir, sobiq diplomat, siyosatshunos Toshpo‘lat Yo‘ldoshevning Bi-bi-siga aytishicha, G‘arbda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng dindor jamiyati degan qarash avvaldan ham bor edi va bu oxirgi hibsga olishlar ana shu kabi qarashni tasdiqlayapti.

Siyosatshunos, muhojirlar orasidagi radikal amallarning ildizi O‘zbekistonda ekanini aytadi.

"Maktablarda umuman o‘qish bo‘lmayapti, maorif tizimining sifatida juda tushib ketgan, maktabga qatnov borsa 50 foiz, televideniyeda esa O‘zbekiston maqtab kelinaveradi, xorijda kamida 3 yo 4 million bo‘lgan gastarbayterlar umuman yo‘q deb aytiladi. Bu kelib chiqayotgan amallar esa hukumatning aldoqchi siyosatiga qarshi", - deydi u.

"Maxsus tayyorlangan"

Biroq, ayni damda tahlilchilar, o‘zbekistonliklar orasidagi radikallashuv demokratik qadriyatlar va din erkinligiga asoslangan G‘arb mamlakatlarida namoyon bo‘layotganini savol ostiga olishadi.

Lekin, janob Yo‘ldoshev buning ham sababini O‘zbekistondan qidirish kerakligiga ishonadi.

Uning aytishicha, madrasa va diniy o‘quv yurtlaridagi talabalar bilan O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati yaqindan ishlab keladi va endilikda Islomiy Jihod Ittifoqi yoki O‘zbekiston Islomiy Harakatiga a‘zo ekani aniqlangan shaxslar aslida MXX tomonidan tayyorgarlikdan o‘tkazilgan bo‘lishlari mumkin.

U bu kabi siyosatdan rasmiy Toshkent katta foyda ko‘rishini aytadi.

"Bundan o‘zbek hukumatiga juda ko‘p naf tegadi. Sababi maxsus xizmatlardan chiqadigan ma‘lumot pulga sotiladi. Misol uchun, biron o‘zbekistonlik jihod yo‘liga o‘tgan bo‘lsa, u uyiga xat yozadi, telefon yo boshqa yo‘llar bilan birovlar bilan gaplashadi. Va bularning iziga MXX tushgan bo‘lsa, u shu odamni G‘arbga yoki Amerikaga pulga sotadi. Bu katta siyosat. Undan tashqari, Karimov radikallashuvga qarshi katta xizmat qilayapti, unga yordam berish kerak degan tushuncha ham uyg‘onadi", - deydi siyosatshunos.

Ayni damda, Toshpo‘lat Yo‘ldoshev Amerikada o‘zi suhbat qurgan ko‘p o‘zbekistonliklar hibsga olingan vatandoshlarini qoralamasliklarini aytadi. Uning aytishicha, o‘zbek muhojirlari orasida Amerikaning musulmon davlatlaridagi siyosati borasida tanqidiy qarashlar tarqalgan.