Shimoliy Koreya Kim Ir Senning 100 yilligiga raketa uchiradi

Image copyright AP
Image caption Shimoliy Koreya raketalar sinovi tinchlik maqsadlari uchunligini aytgan

Shimoliy Koreya aprel oyida dohiy Kim Ir Senning tug‘ilgan kunining 100 yilligini nishonlab, raketa uchirishini ma‘lum qilgan.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri bu harakat oldingi parvozdan keyin BMT qabul qilgan rezolyutsiyani buzish ekanini aytgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi 2006 yilda yadro sinovlarini o‘tkazganidan so‘ng Shimoliy Koreyaning amallarini qattiq qoralovchi va jazo choralarini o‘z ichiga oluvchi rezolyutsiya qabul qilgan.

Rezolyutsiyaga muvofiq mamlakatda ballistik raketalarni ishlab chiqarishning har qanday loyihasi ta‘qiqlangan.

G‘arb diplomatlari Pxenyanning sun‘iy yo‘ldosh uchirish haqidagi gaplari orqasida uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalarni sinash maqsadi yotganligidan xavotirlarini bildirishgan.

O‘tgan oylarda Shimoliy Koreya uzoqqa uchuvchi raketalar sinovidan Amerikadan oziq-ovqat yordamlari olish hisobiga voz kechish mas‘uliyatini olgan edi.

Shimoliy Koreya qo‘shnisi Janubiy Koreya yadroviy sinovlar mintaqaviy tinchlikka jiddiy tahdid ekanini bildirgan.

Shimoliy Koreya o‘zining loyihalari tinchlik maqsadlariga yo‘naltirilganini, bu borada ikkita sinov o‘tqazganini aytgan.

Pxenyan rasmiylari yangi sinov 12dan 16 aprelgacha o‘tkazilishini bildirishgan.

Shimoliy Koreya oxirgi marta 2009 yil aprelida sinov raketasi uchirilgani haqida e‘lon qilgan.

Pxenyanning maqsadi, dohiylar Kim Ir Sen va Kim Chen Ir haqidagi qo‘shiqlarni butun dunyoga uzatish bo‘lgan.

Koreya rasmiylari parvoz muvaffaqiyatli amalga oshirilganini bildirgan bo‘lsada, boshqa manbaalar buni tasdiqlamagan.

Yaponiya mudofaa vazirining xabariga ko‘ra, Shimoliy Koreya raketasini yer orbitasi yaqiniga chiqara olmagan, uchish apparati qayd etilmagan.

Bu Shimoliy Koreya raketasi kerakli tezlikni yig‘olmagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Pentagon xabariga ko‘ra ham orbitada yangi yo‘ldosh paydo bo‘lmagan.