Qozog‘iston qo‘ziqoron yetishtirgan o‘zbekistonliklar qo‘lga olindi

Ostona shahridagi yerto‘lada qo‘ziqorin yetishtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari qo‘lga olingan. Ular hozirda Qozog‘iston hududida noqonunan yashash va ishlashda ayblanayapti.

Militsiya ikki o‘zbekistonlikning sanitariyaga zid sharoitlarda yashab ishlayotganlarini xabar qildi.

O‘zbekistonliklar ma‘muriy javobgarlikka tortilgan va mahkama qarorini kutmoqda.

Ostona shahri uylarining biridagi yerto‘lada yetishtirilgan bu mahsulot oziq-ovqat uchun ishlatiladigan qo‘ziqorin turidir.

Yerto‘ladan 400ta qo‘ziqorin o‘stirishga mo‘ljallangan konteyner va 200dan ortiq o‘g‘it solingan qop topilgan.

"O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlari asosan qurilishlarda noqonuniy ishlashadi. Qo‘ziqorin yetishtirish kabi ishlab chiqarishda birinchi marta duch keldik", - deydi Ostona shahar ichki ishlar departamenti matbuot kotibi Dulat Omarjanov.

Qo‘ziqorin sotuvchilar bu ziroat turini yetishtirish uchun yuksak texnologiya yoki sarmoya kerak emas.

Lekin, mehnat muxojirlarining muammosi bilan shug‘ullangan jurnalist Botir Norboyev O‘zbekistonda bu kabi ishlarni tashkil qilish qiyin ekanini aytadi.

"Qozog‘istonda ishlaganining sababi, O‘zbekistonda shu ishni yo‘lga qo‘ya olmagan yoki tadbirkorlardan birortasi bunday taklif bilan chiqmagan bo‘lishi mumkin. Yana bir sababi, Qozog‘istonning puli O‘zbekistonnikiga nisbatan qadrliroq", - deydi Norboyev.

O‘zbekistonga qo‘shni Qozog‘istonda mehnat muxojirlari asosan qurilish, qishloq xo‘jaligi, maishiy xizmatlar sohalarida ishlaydilar.

Qozog‘iston ham global iqtisodiy inqirozdan salbiy ta‘sir ko‘rar ekan, hukumat yangi "Migrantlar to‘g‘risida"gi qonunida mutaxassisligi bo‘lmagan ishchilarning yollanishini imkonsiz qilib qo‘ydi.

Lekin, shunga qaramay, kunlar ilishi bilan Qozog‘istonga O‘zbekistondan ishlash uchun keladiganlar soni yana ko‘paymoqda.

"Chegaradan o‘tayotganda, ishlashga deb emas, mehmonga deb yozdirishadi. Aks holda chegaradagilar, kim seni ishga taklif qilgan deb boshini qotirishadi. Ish ustida ushlab olgan politsiyachilar, qani mehmonda yurganing, ishlab yuribsan-ku, deb do‘q-po‘pisa qiladi. O‘zaro kelisha olsa ancha-muncha pulini oladi, bo‘lmasa deportatsiya qilishga tayyor yem ularga", - deydi Norboyev.