Turkiya o‘z fuqarolarini Suriyani tark etishga chaqirgan

Image copyright S
Image caption Suriyadagi vaziyat tinch fuqarolarning xavfsizligiga jiddiy xavf uyg‘otmoqda

Suriyadagi so‘nggi hodisalar "xavfsizlikka jiddiy xavf "darajasida ekanligi bois, Turkiya o‘z fuqarolarini Suriyadan zudlik bilan chiqib ketishlarini so‘ragan.

Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida 22 martda bir qancha konsullik xizmatlari joriy etilishini aytgan.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on keyingi kunlarda qochqinlarning soni keskin ortgani bois, chegaradan tashqarida xavfsiz joy tashkil qilinganini bildirgan.

Suriyada namoyishlar boshlanganining bir yilligi nishonlanayotgani haqida xabarlar kelgan.

Aksilhukumat kuchlar butun Suriya bo‘ylab "shoshilinch harbiy aralashuv"ni talab qilgan ommaviy namoyishlar o‘tkazishga chaqirishgan.

Turkiya Bosh vaziri janob Erdo‘g‘on hamma fuqarolari qaytib kelgach, Turkiyaning Suriyadagi elchisini ham chaqirib olish masalasi ko‘rilishini bildirgan.

Ikki turk jurnalistini Suriya xavfsizlik kuchlari ushlab turgani, ularning yarador ekanligi xabar qilingan.

Turkiya rasmiylari chegarani har kuni 1000 dan ortiq qochqin kesib o‘tayotgani, ularning umumiy soni 14 700dan oshganini aytishgan.

BBCning Turkiyadagi muxbiriga ko‘ra, rasmiylar Suriyaga qo‘shin yuborish masalasini muhokama qilishmoqda.

Lekin bu qadam Amerika kuchlari, Ovro‘po Ittifoqi va Arab Ligasi davlatlarining ko‘magisiz amalga oshirilmasligi aytilgan.