"Xalqaro Amnistiya" tojik hukumatini qiynoqlarga barham berishga chaqirdi

Image caption "Amnistiya"ga ko‘ra, Tojikistonda, ayniqsa, taqiqlangan islomiy guruh a‘zolarining qiynoqqa solinish xavfi katta

Londonda joylashgan "Xalqaro Amnistiya" tashkiloti Tojikiston hukumatini Birlashgan Millatlarning qiynoqlarni tugatishga qaratilgan tavsiyalarini bajarishga chaqirgan.

"Amnistiya" tarqatgan bayonotda aytilishicha, tojik hukumati xalqaro kuzatuvchilarning mamlakat habsxonalaridagi vaziyatni davomli kuzatib borishlariga ruxsat berishi va qiynoqlarga chek qo‘yish yuzasidan shoshilinch choralar ko‘rishi lozim.

Tashkilot o‘zi olib borgan tadqiqotlar natijasida Tojikistonda qiynoqlar keng tarqalgan, degan xulosaga kelgan.

Unga ko‘ra, qiynoqlar ayniqsa, dastlabki tergov izolyatorlarida keng qo‘llanadi.

"Militsiya va xavfsizlik xizmatlari mahbuslarni va ba‘zi holatlarda qiynoq guvohlarini ham o‘zlari va boshqalarga qarshi guvohlik berishga majburlash maqsadida qiynoqqa soladilar", deyiladi "Xalqaro Amnistiya" bayonotida.

Inson huquqlari guruhiga ko‘ra, Tojikistonda ayniqsa, taqiqlangan diniy guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda gumon qilingan odamlarning qiynoqqa tutilish xavfi katta.

"Amnistiya" tojik hukumatini besh nafar mahbusning qiynoqqa solingani va qamoqda vafot etgani haqidagi iddaolar yuzasidan har tomonlama tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

"Hukumat barcha huquq-tartibot idoralariga qiynoq va noinsoniy muomalaga toqat qilinmasligi va javobgarlar jazoga tortilishini tushuntirishi kerak", deyiladi bayonotda.

"Jazosizlik"

"Xalqaro Amnistiya"ning aytishicha, qiynoq qo‘llagan tojik militsiyasi va xavfsizlik xizmatlari jazosiz qolishlariga ishonishadi.

Bundan tashqari, tojik hukumatining qiynoq hollari tekshirilgani yoki tasdiqlangani haqidagi bayonotlariga qaramay, bironta ham qiynoq qurboniga tovon to‘langani ma‘lum emas.

Qiynoq qurbonlaridan biri Mirzoxon Karimovning misolida, "Amnistiya"ning aytishicha, ikki militsiya xodimlari besh yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan, ammo amnistiya sharofati bilan ozod etilganlar.

Mirzoxon Karimov esa, "Amnistiya" ma‘lumoticha, 2009 yilda qiynoqqa solingani uchun tovon puli talab qilishda davom etmoqda.

U o‘zining so‘zlariga ko‘ra, militsiya xodimlari tomonidan qattiq do‘pposlangan va iqrorlik ko‘rsatmasini imzolashga majbur qilingan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi uning miyasi jarohatlanganini tasdiqlagan.

"Xalqaro amnistiya" qiynoqlar natijasida olingan ko‘rsatmalarning tojik mahkamalarida hanuz dalil sifatida ishlatilayotganidan tashvishda ekanini bildirgan.

O‘tgan yil iyulida Xo‘jandda O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari ustidan o‘tgan mahkamada ikki ayblanuvchi aybni bo‘ynilariga olish uchun qiynoqqa solinganliklarini aytishgan.

Boshqa mahbuslar ham qiynoqlardan shikoyat qilishgan.

"Xalqaro Amnistiya" ga ko‘ra, mahkumlarning yaqinlari xolis va har tomonlama tergov o‘tkazilishini talab qilishda davom etmoqdalar.

Tashkilot shuningdek, tojik hukumatini qiynoq da‘volari haqida xabar berayotgan jurnalistlarning qo‘rqitishlar, bo‘htonda ayblanishlar va ma‘muriy nazoratlarsiz faoliyat olib borishlarini ta‘minlashga chaqirgan.