Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonda amnistiyaga muvofiq diniy mahbuslar ham ozod etilmoqdami?

O‘zbekiston televideniyesining birinchi kanalida mamlakat Konstitutsiyasining 19 yilligi munosabati bilan e‘lon qilingan amnistiyaga muvofiq diniy sabablar bilan qamalgan mahbuslar ham ozod etilayotgani haqida ko‘rsatuv namoyish etildi.

Ko‘rsatuv "Hezbu Tahrir" va "Nurchilar" kabi tashkilotlarga a‘zolikda ayblar bilan qamalgan qator mahbuslar bilan suhbatlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularning endilikda o‘z qilmishlaridan afsusda ekanliklari aytiladi.

Xalqaro tashkilotlar taxminlariga ko‘ra, O‘zbekistonda diniy-siyosiy ayblovlar, jumladan juda keng qo‘llanadigan 159-modda, ya‘ni konstitutsion tuzumni ag‘darishga urinish ayblovi bilan qamalganlar soni bir necha mingni tashkil etadi.

Mustaqillik yillari e‘lon qilingan 22 ta amnistiyaga muvofiq oxirgi yillarga qadar bu kabi mahbuslar deyarli ozod etilmay kelgandilar.

Hozirda ozod etilayotgani aytilayotgan mahbuslar salmog‘i ne qadar va tom ma‘noda har qatlamdagi mahbuslarga taaluqli, deya ayta olamizmi?

Bi-bi-si bilan suhbatda "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatidan Abdurahmon Tashanovning aytishicha, oxirgi yillarda diniy ayblovlar bilan qamalgan mahbuslarning amnistiyaga muvofiq ozod etilish hollari haqiqatan ham kuzatilmoqda. Lekin umumiy avf etilganlar soniga nisbatan ularning salmog‘i juda kam.

Qator siyosiy mahbuslarning yaqinlari ham bu galgi amnistiyadan umid qilayotganliklarini aytishgandi.

Amnistiya e‘lon qilinishi ortidan 12 yillik jazo muddati oxirlab qolgan "Erk" partiyasi faoli Muhammad Bekjonning ham ozod etilishi borasida umidlar paydo bo‘lgandi.

Ammo jazo muddati so‘nggida unga yana qo‘shimcha 5 yillik jazo belgilandi.

Muhammad Bekjon qamoqxona tartibini buzish va ma‘muriyatga bo‘ysunmaslikda ayblangan.