Muhammad Solih: "Karimov rejimi qulash arafasida turibdi"

Muxolifatdagi "Erk" partiyasining rahbari Muhammad Solih tomonidan internetda tarqatilgan maqolaga ko‘ra, Prezident "Karimov rejimi qulash arafasida turibdi".

"Qulash oldidan" sarlavhali maqolada, shuningdek, O‘zbekistonda hokimiyat uchun kurash oxirgi vaqtlarda "klanlar" o‘rtasida jadallashgani da‘vo qilingan.

"Hokimiyatda rejim barqarorligiga ishongan biror bir bo‘g‘im yo‘q. O‘z kelajajagiga ishongan birorta ham ma‘mur yo‘q. Yirik fasod mashinasining murvatlari bo‘lgan ma‘murlar bugungi kun bilan yashamoqda va faqat o‘z hamyonlarini davlat hisobiga to‘ldirishga oshiqmoqda," - deb yozadi Muhammad Solih.

"Erk" rahbarining ta‘kidlashicha, sobiq davlat maslahatchisi Ravshan Muhiddinovning yaqinda 15 yillik qattiq tartibdagi qamoq jazosiga hukm etilishi, joriy hokimiyatda "o‘xshash jazodan hech kim kafolatlanmaganini yana bir bor isbotladi".

48 yashar Ravshan Muhiddinov 2011 yil iyunida O‘zbekiston huquq-tartibot, xavfsizlik va kuch tizimlari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas‘ul davlat maslahatchisi etib tayinlangan, biroq joriy yil fevralida qator og‘ir iqtisodiy jinoyatlar, xususan xizmat vakolatlarini suiste‘mol qilish va katta miqdordagi korruptsiyada aybdor deb topilgandi.

Muhammad Solihning da‘vo qilishicha, aynan mana shu holat yaqinda O‘zbekiston MXX rahbari va Ichki ishlar vazirini o‘z vazifalaridan ozod etishni so‘rab, yariza yozishga majburlagan, biroq Prezident Karimov ularning arizalarini qabul qilmagan.

"Farg‘ona va Samarqand klanlari bugungi kunda qandaydir ta‘sirga ega emaslar. Sahnada faqat Toshkent klani qolmoqda," - deb yozadi Muhammad Solih

Unga ko‘ra, aynan "Toshkent klani"dagi bo‘lingan guruhlar o‘rtasida hokimiyat uchun kurash kuchaygan.

Muhammad Solihning yozishicha, oxirgi ma‘lumotga ko‘ra, Prezident Karimov o‘z vorisi haqida "allaqachon" bir qarorga kelgan.

"Bu Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov bo‘ladi. Chunki u, Islom Abdug‘aniyevich fikriga ko‘ra, kelajakda Bosh vazir lavozimiga belgilangan qizi Gulnoraga ancha toqatlidir," - deb yozadi Muhammad Solih.- "hozirgi Bosh vazir Mirziyoyevga ham joy aniqlangan: u Toshkent viloyati hokimi bo‘ladi."

Muhammad Solih mazkur ma‘lumotni "birinchi qo‘llardan" olganini yozadi.

Bi-bi-si "Erk" partiyasi rahbari Muhammad Solih bilan bog‘lanib, maqolada zikr etilgan xulosaga kelishiga unda qanday asos borligini so‘radi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Radiotinglovchilarimiz diqqatiga: 25 martdan boshlab Bi-bi-si O‘zbek xizmatining dasturlarini har kuni Toshkent vaqti bilan soat 18 00dan 19 00gacha 15330, 17510, 21590 qisqa to‘lqinlarda tinglashingiz mumkin.