O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari 2015 yilga qoldirildi

Image copyright b

O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasi-Senat juma kuni prezidentlik saylovlari sanasini 2014 yil dekabridan 2015 yilning birinchi yarmiga ko‘chirish haqidagi o‘zgarishni ma‘qullagan.

Qonunchilar ushbu qarorni prezident saylovlarining parlament saylovlari bilan to‘qnash kelmasligi va siyosiy partiyalarga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘proq vaqt berish bilan tushuntirganlar.

Xabarlarga ko‘ra, qonun loyihasi Prezident Islom Karimov tomonidan tavsiya qilingan va uni Senatning Qonunchilik va Sud-huquq qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqova taqdim etgan.

Frans-press xabar agentligi Ortiqova xonimning "siyosiy partiyalar prezidentlikka nomzodlarni ilgari surishadi, shuning uchun prezidentlik saylovlarini parlament saylovlaridan keyin o‘tkazish maqsadga muvofiqdir", degan so‘zlarini keltirgan.

Prezident Karimov 2010 yil noyabrida Konstitutsiyaga parlamentga ko‘proq vakolatlar berishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni taklif etgan va ular parlament tomonidan ma‘qullangan edi.

"Kontseptsiya" deya taqdim etilgan o‘zgarishlarga muvofiq, jumladan, parlament mamlakat bosh vaziriga ishonchsizlik bildirishi mumkin.

2011 yil dekabrida esa Senat prezident vakolatlarini 7 yildan 5 yilga qisqartirish haqidagi o‘zgarishni ma‘qullagan.

74 yoshli Prezident Islom Karimov O‘zbekistonni qariyb chorak asrdan buyon boshqarib keladi.

U oxirgi marta 2007 yil dekabrida 7 yilga saylangan.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti O‘zbekistondagi saylovlarni hech qachon erkin va adolatli deb tan olgan emas.

Oxirgi o‘zgarish Prezident Karimovning ehtimoliy merosxo‘ri borasidagi farazlar kuchaygan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu hafta internetda O‘zbekistondagi turli siyosiy guruh va mahalliy klanlar orasida hokimiyat uchun pinhona kurashlar kuchaygani haqidagi maqolalar paydo bo‘lgan.