O‘zbekiston-Suriya, yo‘llanma uchun kurash boshlandi

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi 2012 yilgi London Yozgi Olimpiadasiga Osiyo qit‘asiga ajratilgan to‘rtta yo‘llanmadan so‘nggisini qo‘lga kiritish uchun bugun suriyalik raqiblariga qarshi maydonga tushadi.

Bu - o‘zbekistonlik futbolchilarning pley-off uchrashuvlari doirasidagi dastlabki o‘yinidir.

Suriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanadi.

Ummon, Suriya va O‘zbekiston orasidagi pley-off bellashuvlari Vьetnamda bo‘lib o‘tmoqda.

Joriy bosqichda so‘nggi - uchinchi bosqich saralash bellashuvlarini o‘z guruhlarida 2-o‘rin bilan yakunlagan jamoalar g‘oliblik uchun kurash olib borishmoqda.

Ya‘ni, pley-off uchrashuvlari g‘olibi 23 aprel kuni Senegalga qarshi maydonga tushadi va kim zafar quchsa, yo‘llanma o‘sha jamoaga nasib etadi.

25 mart kuni Suriya va Ummon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuv esa, 1:1 durang hisobi bilan yakunlangan.

Men bugungi uchrashuv arafasida o‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev bilan bog‘lanib, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining g‘olib chiqish imkoniyatlari haqidagi fikri bilan qiziqdim:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Vьetnamga jo‘nab ketishi arafasida Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiysi Vadim Abramov pley-off uchrashuvlarida shogirdlarining g‘alabasiga ishonchi komil ekanini aytgandi.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi veb sahifasi keltirgan iqtiboslariga qaralsa, o‘zbekistonlik futbolchilar ham o‘tgan ikki mag‘lubiyatlarini unutib, asosiy e‘tiborlarini faqat g‘alaba qozonishga qaratishmoqchi.

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi shu yil fevral va mart oylarida Iroq va BAA ga qarshi bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi ikki uchrashuvida mag‘lubiyatga uchrab, Olimpiada O‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini boy berib qo‘ygan.

"O‘lim" guruhidan dastlabki yo‘llanma uchinchi bosqich saralash bellashuvlarining so‘nggi tur uchrashuvida o‘zbekistonlik futbolchilarni Toshkentda 3:2 hisobida mag‘lub etgan Birlashgan Arab Amirliklari yoshlariga nasib etgandi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, 25 mart kuni pley-off bellashuvlarining dastlabki uchrashuvida ummonlik raqiblariga qarshi maydonga tushgan Suriya Olimpiya terma jamoasi 10 ta futbolchisi bilan ham 95-daqiqada hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lgan.

Ikkovlon o‘rtasidagi uchrashuv 1:1 durang hisobi bilan yakunlangan.

Ammo bu - suriyalik futbolchilarning o‘tgan 48 soat ichida ikkinchi bor maydonga tushishlaridir.

Ustiga ustak o‘zining inqilobiy mazmundagi qo‘shiqlari bilan Suriyadagi xalq isyoni ramziga aylangan 20 yoshli mahoratli darvozaboni Abdul Bosit Sarut ham jamoa saflarida bo‘lmaydi.

Uning hozir qayerda ekanini na-da murabbiysi va na-da jamoadoshlari bilishadi.

Biroq Suriya Olimpiya terma jamoasi mamlakatdagi ikkita yetakchi "Al-Karama" va "Al-Vatba" klublarining sara o‘yinchilaridan tashkil topgan.

O‘zbekiston va Ummon bilan taqqoslaganda, suriyalik futbolchilar so‘nggi bosqich saralash uchrashuvlarini eng ko‘p - 12 ochko bilan yakunlashgan.

Bugungi uchrashuvni eronlik hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

Bu mavzuda batafsilroq