Toshkentda muxolifatchi yoshlar taksichilarga varaqa tarqatganlar

Muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakati o‘zining rasmiy nashri bo‘lmish "Erkin yurt" gazetasini O‘zbekiston ichida tarqatishga muvaffaq bo‘lganini ma‘lum qilgan.

Xalq Harakati xabariga ko‘ra, harakatning "Cho‘lpon" nomli yoshlar tashkiloti faollari Toshkentning Yunusobod mavzesida joylashgan "Megaplanet" tijorat markazi o‘ngida avtomobil va taksilarning oynalariga "Erkin yurt" gazetasining navbatdagi sonini yopishtirib ketganlar.

Gazeta bosh sahifasida hukumatning kirakashlar va taksichilar faoliyatiga oid yangi tartibiga bo‘ysunmaslik chaqirig‘i chop etilgan.

2011 yil may oyida tashkil etilgan O‘zbekiston Xalq Harakati o‘zining asl maqsadi Prezident Islom Karimov hukumatini tinch yo‘llar bilan ag‘darish ekanini aytib keladi. Uning raisi Turkiyada istiqomat qiluvchi muxolif siyosatchi Muhammad Solihdir.

"Cho‘lpon" tashkiloti esa joriy yilning 16 yanvarida o‘ziga asos solingani haqida bayonot tarqatgandi.

"Erkin yurt" gazetasi muharriri Kamoliddin Yo‘ldosh Bi-bi-si bilan suhbatda aytishicha, yoshlar tashkiloti Feysbuk ijtimoiy muloqot sahifasi, o‘z vebsayti, hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amallari bilan muxolifat bayonotlarini O‘zbekistonda tarqatmoqda.

"Biz O‘zbekistondagi taksichilarga bo‘layotgan haqsizlik va adolatsiz haqida yozib, Xalq Harakatining ularga chaqirig‘ini gazetamizda e‘lon qilgandik, gazetamizning ana shu sonini Yunusobodda tarqatishgan. Shov-shuv bo‘lgan ana shu joyda, militsiya kelgan: duch kelgan odamlarni, mardikorlarni ushlab olib ketgan. Vaholanki, mardikorlarning bu aktsiyaga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan", - deydi muharrir.

Uning aytishicha, mazkur muxolifatchi yoshlarning O‘zbekistonda ishlash uslublari "eski uslublar"dan farq qiladi va aktsiyalar "gorizontal" ravishda amalga oshiriladi.

"Alohida mustaqil guruhlar ishlaydi, ular bir-birini tanimaydi, hattoki aloqasi ham yo‘q. Bularning hammasi O‘zbekiston Xalq Harakatining markazidan turib koordinatsiya qilinadi", - deydi u.

U yoshlar aktsiyalarini chetdan muvofiqlashtirish oson emasligi, biroq aloqa jihatidan muammoga duch kelinmaganini aytadi.

Janob Yo‘ldosh aktsiyalar harakatning O‘zbekistondagi a‘zolarini favqulodda xavf ostiga qo‘yayotganiga qo‘shilmaydi.

"Xavf hammamizga bor: ham ichkaridagilar va ham tashqaridagilar. Ichkaridagi kishilar juda ko‘p aytishadki, "tashqariga chiqvolib, bemalol gapirish oson" deb. Yo‘q, bu oson emas. Mana o‘tgan yili bizning Rossiyadagi faolimiz suiqasdga uchradi, haligacha uning qotili topilmadi. Shvetsiyada Obidxon qori akaga suiqasd bo‘ldi, haligacha qotillik ijrochisi ma‘lum emas", - deydi u.

Kamoliddin Yo‘ldosh harakatlarning ortida O‘zbekistondagi bugungi rejimni o‘zgartirish g‘oyasi turgani va bu harakatga insonlar o‘z ixtiyorlari bilan a‘zo bo‘layotganlarini aytadi. "Ichkaridagi yoshlar sodda, kim nima desa ishonib ketaveradigan yoshlar emas, ular oliy ma‘lumotli, ham dunyoviy va ham diniy ilmlarni teran o‘rgangan kishilar."

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi