Frantsiya Shayx Yusuf Qarzoviyning mamlakatga kirishini taqiqladi

Image copyright Reuters

Frantsiya bir guruh musulmon olimlarining xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun mamlakatga kirishlariga ruxsat bermagan.

Frantsiyaga kirishi taqiqlanganlar orasida misrlik taniqli ulamo Shayx Yusuf Qarzoviy ham bor.

Frantsiya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, ulamolar Frantsiya Islomiy Ittifoqi tomonidan kelasi oy Parij yaqinida o‘tishi rejalangan xalqaro anjumanga taklif etilgan edilar.

"Bu odamlar nafrat va zo‘ravonlikka chaqirishadi va hozirgi vaziyatda jamoat tartibiga xavf soladilar", - deyiladi Frantsiya Tashqi ishlar vazirligining bayonotida.

'Istalmagan shaxs'

Frantsiya Prezidenti Nikolya Sarkozi France Info radiosiga bergan intervyusida Shayx Yusuf Qarzoviyning mamlakatga kirishini taqiqlashi haqida Qatar amirini ogohlantirganini ma‘lum qilgan.

Al-Jazira telekanali janob Sarkozining "men Qatar amiriga bu janobning Frantsiya Respublikasi hududida xush qarshilanmasligini aytdim", - degan so‘zlarini keltiradi.

Jahon sunniylarining eng ko‘zga ko‘ringan ulamosi bo‘lgan 86 yoshli Yusuf Qarzoviy 2008 yilda antisemitizmda ayblangan va Britaniyaga kiritilmagandi.

AQSh 1999 yildan buyon uning mamlakatga qirishini taqiqlagan.

Frantsiya Shayx Yusuf Qarzoviy bilan birga yana uch Islom ulamosining mamlakatga kirishiga ruxsat bermagan.

Ular orasida shveytsariyalik taniqli olim Tariq Ramadan ham bor.

Tariq Ramadan Ovro‘podagi eng ko‘zga ko‘ringan musulmon ziyolilaridan biri va Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Toni Bleyrning maslahatchisi bo‘lgan.

Mo‘‘tadil ulamo

Asli jazoyirlik frantsuz musulmonlaridan Muhammad Merah o‘tgan hafta mamlakat janubidagi otishmalarda yetti kishini otib o‘ldirganini tan olishi ortidan Frantsiyada ehtiroslar kuchaygan.

Musulmon Ulamolari Xalqaro Uyushmasi frantsuz hukumatining qaroridan g‘azabga kelgan.

"Biz hayratdamiz va Frantsiyani ulug‘ Shayx Yusuf Qarzoviyga viza bermagani uchun qoralaymiz. U ekstremizga qarshi kurashga hissa qo‘shgan mo‘‘tadil ulamodir", - deb aytgan Uyushma Bosh kotibi Shayx Ali Qarazog‘iy.

Musulmon ulamolarining Dohada joylashgan tashkiloti Frantsiyaning Tuluz shahrida yetti kishi, jumladan, uch nafar yahudiy bolalarining o‘ldirilishini qoralagan.

"Hatto urushda ham bolalar va ruhoniylarni o‘ldirish man etilgan", - degan Musulmon Ulamolari Xalqaro Uyushmasining vakili.

U Frantsiyani Arab bahori, ayniqsa, Liviyada katta rol o‘ynagan ittifoqchi bir davlat sifatida ko‘rishlarini aytib, frantsuz hukumati o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishiga umid bildirgan.

Shayx Yusuf Qarzoviy Tunis, Misr va Liviyadagi inqiloblarni qo‘llab-quvvatlagan va Suriya muxolifatini dastaklash uchun mablag‘ to‘plash harakatlarini boshlagani aytiladi.