Rossiya: O‘zbekiston fuqarosi qamoqxona xodimini o‘ldirganlikda gumon qilinmoqda

Image copyright RIA Novosti

Kaliningradda bir o‘zbekistonlik qamoqxona ma‘murini o‘ldirganlikda gumon qilib, hibsga olingan.

Rossiya xabar agentliklarining Tergov Qo‘mitasiga iqtibosan bildirishicha, 22 yoshli o‘zbek fuqarosi Federal Jazoni Ijro Etish Xizmati mintaqaviy boshqarmasi xodimi Pavel Romanenkoning o‘limida gumon qilinmoqda.

Tergov Qo‘mitasiga ko‘ra, Kaliningraddagi 8-sonli jazoni ijro etish muassasasi xodimi bo‘lgan Romanenko 27 mart kuni o‘zining Nekrasov ko‘chasidagi uyida o‘lik holda topilgan.

Dastlabki ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhum bosh suyak-miya qismidagi ochiq jarohatdan o‘lgan.

Kaliningrad shahar prokuraturasi Jinoyat Kodeksining 105 - "qotillik" bandi bo‘yicha jinoyat ishi ochgani xabar qilinadi.

Tergov mulozimlari gumondorning ismi-sharifini oshkor etishmagan.

Xabarlarda uning Kaliningrad shahrida vaqtincha yashab kelgani aytiladi.

Tergovchilar qotillik g‘arazli maqsadda sodir etilganini aytishmoqda.

Ularga ko‘ra, qotil hodisa joyidan o‘qotar qurol hamda 7000 AQSh dollarini o‘g‘irlab ketgan.

'Muhojirlar mamlakati'

Rossiya hukumati so‘nggi yillarda mamlakatga muhojirlar oqimining kuchaygani ayrim mintaqalarda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashishiga olib kelganini aytadi.

Federal Muhojirlik Xizmatiga ko'ra, o‘zbekistonliklar jinoyat sodir etayotganlarning oldingi ro‘yxatlarida.

Rasmiylar jinoyatlarning ko‘pincha noqonuniy muhojirlar tomonidan sodir etilishini aytishgan.

FMX rahbari Konstantin Romodanovskiy seshanba kuni Rossiya parlamentidagi chiqishida mamlakatda millionlab noqonuniy muhojirlar yashayotganini tan olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiyada 1.3 million qonuniy va 3.5 million noqonuniy mehnat muhojirlari bor.

Janob Romodanovskiyning aytishicha, rasmiy ma‘lumotlar bo‘yicha Rossiyada sodir etilayotgan har 100ta jinoyatning 3 tasi muhojirlarga to‘g‘ri keladi.

FMX ga ko‘ra, 2025 yilga kelib, Rossiya aholisi 10 milliondan ko‘pga qisqaradi.

"Muhojirlar oqimi bo‘lmasa, Rossiyaning mehnatga yaroqli aholisi 2025 yilga kelib, 10 millionga qisqaradi", - deb aytgan Federal Muhojirlik Xizmati rahbari.