O‘zbekiston turkman gazining janubiy tranzitiga ruxsat beradimi?

Turkmaniston Tojikistonga gaz yetkazib berishga tayyorligini bildirgan.

Endilikda O‘zbekiston bilan tranzit masalasini hal qilish muammosi o‘rtaga chiqqan.

"Avesta" xabar agentligi Tojiktransgaz mulozimining "yagona quvur O‘zbekiston xududi orqali o‘tadi, shunday ekan, muammo yechimining kaliti O‘zbekistonning qo‘lida", degan so‘zlarini keltiradi.

Tojikiston tomoni ushbu masalada hamkorlik ko‘rsatishni so‘rab, O‘zbekistonga murojaat qilgan.

Kuzatuvchilar O‘zbekiston gazni qo‘shni davlatlarga bosim vositasi sifatida ko‘rishi va bunday kelishuvga rozi bo‘lmasligi mumkinligini aytishadi.

Markaziy Osiyo davlatlarining qoq markazida joylashgan O‘zbekiston qo‘shnilar bilan aloqada o‘ta ehtiyotkor va o‘zgaruvchan siyosat yuritishi kuzatiladi.

O‘zbekiston shartnoma muddati tugaganligi bois, Tojikistonga gaz yetkazib berishni to‘xtatishni ma‘lum qilganidan so‘ng, Tojikiston boshqa muqobil yo‘llarni qaray boshladi va deyarli topdi ham.

Turkmaniston bu davlatga gaz yetkazishga tayyorligini bildirdi, ammo o‘rtada yana O‘zbekiston bilan muzokara o‘tkazishga to‘g‘ri kelmoqda. Ikki davlatning o‘rtasida aynan O‘zbekiston joylashgan va uning ruhsatisiz ushbu kelishuv ahamiyatini yo‘qotishi mumkin.

'Kichik Rossiya'

Qozog‘istonlik siyosatshunos Rasul Jumali O‘zbekiston gaz va shu kabi imkoniyatlardan qo‘shni davlatlarga bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishi sabab muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolishi mumkinligini urg‘ulaydi.

“O‘zbekiston Markaziy Osiyoning kichik Rossiyasi kabi gazni bosim o‘tkazish maqsadida foydalanadi. Balki qisqa muddatli istiqbolda O‘zbekiston qandaydir natijalarga erishsa ham, ammo uzoq muddatli istiqbolda bu xatodir. Ushbu xato qo‘shnilar bilan shusiz ham yaxshi bo‘lmagan munosabatlarni keskinlashtirishi mumkin”, - deydi Rasul Jumali.

O‘zbekistonga qo‘shni davlatlar bilan o‘ta o‘zgaruvchan va bir tomonlama munosabatda bo‘luvchi davlat deya qaraladi. U mavjud 5 ta qo‘shnisi bilan 3 tasida viza rejimini o‘rnatgan va qolgan davlatlar bilan ham chegaralarni vaqti vaqti bilan hech qanday ogohlantirishlarsiz yopib turadi.

“O‘zbekistonning boshqa davlat va turli ittifoqlarga nisbatan o‘ziga xos qarashi bor. Bu birinchi navbatda davlat rahbari Islom Karimovning shaxsiyatiga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan 15-20 yildan beri o‘zini ta‘minlovchi iqtisod, yopiq siyosiy tizim, boshqalardan bojxona kabi to‘siqlar bilan chegaralanib turuvchi yopiq davlat qurishga intilayotgan hukumatga ham bog‘liq”, - deydi qozog‘istonlik tahlilchi Rasul Jumali.

Shunday bo‘lsada, O‘zbekiston mintaqadagi turli ittifoqlarga dam kirib va dam chiqib turadi. Mart oyining o‘rtalarida O‘zbekistonning MDH davlatlari orasidagi erkin savdo hududiga qo‘shilishi ma‘lum qilindi.

Erkin savdo hududiga a‘zo davlatlar barcha chegaralarni ochishi va bojxona to‘siqlarini olib tashlashi kerak. Ushbu kelishuv parlamentlarda ratifikatsiya qilinsa, davlatlar o‘rtasida tovarlarning harakatlanishi erkin bo‘ladi va to‘lovlar yo‘qotiladi.

'Yopiq iqtisod'

O‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainov MDH davlatlari o‘rtasida har qanday tuzilma istiqbolini O‘zbekistonsiz tasavvur qilish qiyin ekanini aytadi.

“Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan ittifoq O‘zbekiston va Ukrainasiz murakkab masalalarni hal qila oladigan tashkilot bo‘lolmaydi. Ularda tabiiy, moliyaviy zahiralar bor, lekin ishchi kuchi va ilmiy salohiyat O‘zbekiston va Ukrainda bor. Agar ular ushbu ittifoqni kuchaytirmoqchi bo‘lsa, ular O‘zbekistonni taklif qilishi kerak”, - deydi Anvar Husainov.

Boshqa mutaxassislar ham mintaqaviy integratsiya jarayonida O‘zbekistonning o‘rnini yuqori baholashadi, ammo O‘zbekistonni boshqarayotgan hozirgi siyosatchilar bilan bunday hamkorlik uchqun kabi bir yonib yana o‘chishi mumkinligini aytishadi.

Qozog‘istonlik tahlilchi Rasul Jumali O‘zbekiston tomonidan bu kabi qo‘shishilish tashabbuslari oldin ham bo‘lganini, ammo ma‘lum vaqtdan keyin voz kechilgani haqida aytadi. Unga ko‘ra O‘zbekistonning yopiq iqtisodi bu kabi ittifoqlarga qo‘shilishga tayyor emas.

“Ushbu tashkilotga qo‘shilish ayni sharoitlardagi O‘zbekiston uchun foydali bo‘ladi deb o‘ylamayman. O‘zbekiston iqtisodining yopiqligi va natural xo‘jalikka yo‘naltirilgani, bir necha sohalardan tashqari O‘zbekiston sanoatining raqobatbardosh emasligi, rahbariyatning ishlab chiqarishga munosabati bozor iqtisodiyoti shartlariga to‘g‘ri kelmasligi va nihoyat o‘zbek so‘mi qiymatini sun‘iy ravishda ushlab turilishi, iqtisod ochiq yuritila boshlasa umuman qadrsizlanib ketishi kabi omillar bunday integratsiyaga to‘sqinlik qiladi”, - deydi Rasul Jumali.

Mutaxassislar Markaziy osiyo davlatlarining birlashuvini O‘zbekistonsiz tasavvur qilib bo‘lmasligini ta‘kidlashadi.

Markaziy Osiyo davlatlarining qoq o‘rtasidaub O‘zbekiston ushbu davlatlarni birlashtirishda muhim jo‘g‘rofiy nuqtada joylashgan. Integratsiya ham qo‘shnilar hamda O‘zbekistonga sanoqsiz foyda keltiradi.

Ammo bu kabi integratsiyaning amalga oshishi uchun O‘zbekiston boshqaruviga yangi siyosiy kuchlarning kelishi lozimligi urg‘ulanadi.

“O‘zbekiston real integratsiyaga rozi bo‘lishiga katta shubha bilan qarayman, balki bu O‘zbekistonning yangi rahbariyati tashabbusi bilan amalga oshishi mumkin. Biroq O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari uchun har tomonlama: strategik, geopolitik, iqtisodiy jihatdan integratsiyalashuvdan boshqa muqobil yo‘l yo‘q”, - deydi tahlilchi Rasul Jumali.