Xonekker xonim Olmoniyaning kommunist o‘tmishidan afsusda emas

Image caption Margot Xonekker Berlin Devori qulashi ortidan Olmoniyadan chiqib ketgandi

Kommunistik sharqiy Olmoniyaning so‘nggi rahbari bo‘lgan Erix Xonekkerning Berlin Devorining qulashiga yetaklagan hodisalardan oldin Olmoniyada yuritilgan siyosatdan afsusda emasligini aytgan.

Hozirda Chilida muhojirlikda istiqomat qilayotgan Margot Xonekker shuningdek vatanidan olayotgan davlat nafaqasining "o‘ta kamligi"dan shikoyat qilgan.

84 yashar Margot Xonekker Olmoniya Demokratik Respublikasida Ta‘lim vaziri bo‘lgan va Erik Xonekkerga turmushga chiqandi.

Berlin Devorining qulashi ortidan ular Chiliga hijrat qilishdi.

Erik Xonekker ko‘p o‘tmay vafot etdi, ammo Margot xonim hozir ham Chili poytaxti Santyagoda istiqomat qilmoqda.

Olmon televideniyesi bilan suhbatida Xonekker xonim ancha bardam ko‘rinardi, deydi Berlindagi BBC muxbiri.

Margot Xonekker so‘nggi Sovet rahbari Mixail Gorbachevni "sotqin", deb atagan.

1963-yildan 1989-yilgacha Margot Xonekker Olmoniya Ta‘lim vaziri vazifasida ishlagan, mamlakat bo‘ylab maktablardagi g‘oyaviy va harbiy tayyorgarligi uchun mas‘ul edi.

Bundan tashqari u tizimga muxolif bo‘lgan dissidentlarning farzandlarini olib, rejimga sodiq bo‘lgan oilalar tomonidan asrab olish jarayoniga ham javobgar edi.

Dissidentlarga nisbatan bu kabi qattiqqo‘l siyosat haqida gapirar ekan, Xonekker xonimning javobi qisqa bo‘ldi: "Bizning dushmanlarimiz bor edi, milliy xavfsizlikni ta‘minlashimiz lozim edi".

Margot Xonekkerning noroziligiga sabab bo‘lgan asosiy omil nafaqasining yetarli emasligi.

Olmoniya joriy hukumati unga bir yarim ming Yevro nafaqa ajratgan.

Unga ko‘ra, bu yetarli emas.

"Bu dahshatli darajada kam", - deya baho berdi o‘z nafaqasiga Xonekker xonim.