Timsohni yamlamay yutgan ulkan ilon qoldiqlari topildi

Image copyright AP
Image caption Kolubiyada topilgan ilonlarning uzunligi 14 metr, vazni esa 1 tonnadan og‘irroq bo‘lgan

Amerikalik olimlar millionlab yillar avval yer yuzida o‘ta haybatli ilonlar yashab o‘tganini aniqladilar.

Ushbu kashfiyot nafaqat o‘tmishni o‘rganishga, balki kelajakka teranroq nazar tashlashga ham imkon beradi.

Taxminan 58 mln yillarcha avval Janubiy Amerikaning botqoqli jangalzorlaridan ulkan ilon sudralib chiqqan.

Bu maxluq barchani dahshatga solgan.

Sudralib yuruvchining vazni bir tonnadan og‘irroq, uzunligi esa 14 metr bo‘lgan.

U bus-butun timsohni yamlamay yutgan.

Hatto bir necha yil oldin ham olimlar bunchalar ulkan hayvonni kovlab topishni xayollariga ham keltirmas edilar.

"14 metrli ilonni topish bizni yetti uxlab tushimizga ham kirmagandi. Hozirda mavjud ilonlarning eng ulkani ham undan ikki baravar kichkina", - deydi kashfiyot mualliflaridan biri, tropik tadqiqotlar bo‘yicha Smitson institutidan Karlos Haramillo.

Lotincha Titanoboa cerrejonensis nomini olgan ilonni zamonaviy anakondaning uzoq ajdodi deb hisoblashmoqda.

U zaharli bo‘lmasa-da, o‘z o‘ljalarini bo‘g‘ish kuchi bilan o‘ldirgan: 6,4 kv santimetrga 180 kilogramdan ko‘proq.

Bu bosim bir odam ustiga bir yarimta Bruklin ko‘prigi tushib ketishiga baravar.

Ulkan ilon qoldiqlari Kolumbiyaning Kerrexon shahridagi ochiq ko‘mir konida olib borilgan qazilma ishlari paytida topilgan.

2002-yilda olimlar ayni joyda paleotsen davriga oid tropik o‘rmonlar qoldiqlarini topgan edilar.

Toshga aylanib qolgan o‘simliklardan tashqari, kattaligi tasavvurga ham sig‘maydigan ko‘plab sudralib yuruvchi hayvonlar qoldiqlari topilgan.

"Biz ulkan sudralib yuruvchilarning yo‘qolgan dunyosini topdik: oshxona stolichalik keladigan toshbaqalardan tortib eng yirik timsohlarga qadar", - deya hikoya qiladi Florida Universitetidan umurtqali hayvonlar evolyutsiyasi bo‘yicha mutaxassis Jonatan Blox.

Topilmalar orasida ulkan ilon ham bo‘lgan.

"Dinozavrlar qirilib ketgach, bu ilon 10 million yil davomida yer yuzidagi eng ulkan hayvon bo‘lgan, - deya tushuntiradi Blox. – Qayerdan qarmang, bu hayvon o‘ta bahaybat bo‘lgan".

Amerikalik olimlarga ko‘ra, ilonlar tanasi havo haroratining o‘zgarishiga moslasha olmagani uchun o‘z-o‘zidan qirilib ketganlar.