Qozog‘istonlik jangarilar: "Muhammad bizning odam..."

Image copyright Reuters
Image caption Muhammad Merah uyushtirgan hujum ortidan Frantsiyada 19 kishi "Salafiylik" oqimiga aloqadorlikda gumon etilib, hibsga ham olinishgandi

Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi "Jund al-Xalifat" islomiy guruhi frantsuz harbiylarining o‘ldirilishi va Frantsiyaning Tuluz shahridagi yahudiy maktabiga uyushtirilgan hujumga mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Guruhning veb sahifasida bayon qilinishicha, maktabni hujumga tutib, yetti kishining umriga zomin bo‘lgan hujumchi Muhammad Merah o‘z jangarilaridan biridir.

Ammo frantsiyalik mas‘ullar Merahning biror bir ekstremistik guruhga aloqadorligini ko‘rsatuvchi dalilga ega emasliklarini ta‘kidlashadi.

"Jund al-Xalifat" guruhining bayonotida esa, Muhammad Merah “frantsuz Yusufi”, deya ataladi va uyushtirilgan amaliyot "sionist-salbchilarning tayanchini zil titratgan"i aytiladi.

Qozog‘istonda bo‘lgan muxbirimiz Dinmuhammed Kalikulovning aytishicha, guruhning bu kabi bayonoti mamlakatda islomiy tashkilotlar xavfi kuchayotgani mazmunida rasmiy Ostonani tashvishga solmay qo‘ymaydi.

Guruh

Image copyright Reuters
Image caption Muhammad Merah Tuluzdagi yahudiy maktabiga uyushtirgan hujumidan bir necha kun o‘tib, Frantsiya maxsus kuchlari tomonidan o‘ldirilgan

Qozog‘istonda "Xalifalik askarlari" faoliyati taqiqlangan terrorchi tashkilot sanaladi.

Mamlakat huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, guruh 2011 yilda uch nafar fuqarolari tomonidan Qozog‘istonda "jihod olib borish" maqsadida tuzilgan.

Ekspertlarning ayrim farazlariga ko‘ra, "Xalifalik askarlari" Afg‘oniston hududidan turib faoliyat olib boradi.

Boshqa bir taxminlarda esa, guruhning Qozog‘istonning o‘zida yashirincha ish yuritishi aytiladi.

"Jund al-Xalifat" ilk bor o‘tgan yil kuz oylarida tilga tushgan.

Guruh davlat tashkilotlarida namoz o‘qishni ham taqiqlovchi Din to‘g‘risidagi yangi qonun qabul qilinishidan qisqa vaqt o‘tmay Atirau shahrida amalga oshirilgan ikkita portlashga mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olib chiqadi.

Muxbirimizning aytishicha, Qozog‘iston hukumati ungacha bu kabi xavfga hech qachon ro‘baro‘ kelmagan.

"Xalifalik askarlari" o‘tgan yil dekabr oyida Olma-ota yaqinidagi Boralday qishlog‘ida kechgan otishmalarga ham mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgandi.

Shu yilning 26 mart kuni 47 nafar sudlanuvchi "terrorchilik", "terrorchilikni targ‘ib etish", "terrorchi guruh tuzish, unga boshchilik qilish va faoliyatida ishtirok etish", yana shuningdek, "ekstremistik yoki terrorchilik faoliyatini moliyalash" ayblari bilan Atirau mahkamasi qarshisida hozir bo‘lishdi.

Mas‘ullar ularni "Jund al-Xalifat" safdoshlari sifatida ko‘rishadi.

Mahkama jarayonining o‘zi esa, yopiq tartibda kechmoqda.

Frantsiyalik hujumchi Muhammad Merah esa, bundan o‘n kuncha burun mamlakat maxsus kuchlari tomonidan Tuluz shahrida o‘ldirilgandi.