Moskvadagi bozorda yong‘in: Qurbonlar markaziy osiyolik...

Image copyright RIA Novosti
Image caption Yong‘in bozor omborxonasida kelib chiqqani aytiladi

Rossiyalik mas‘ullarga ko‘ra, poytaxt Moskva chekkasidagi bozorda kelib chiqqan kuchli yong‘in oqibatida 17 nafar mehnat muhojiri qurbon bo‘lgan.

Dastlabki xabarlarda ulardan barchasining markaziy osiyolik ekanliklari taxmin etilmoqda.

Ularning orasida o‘zbekistonliklar bor-yo‘qligi ma‘lum emas.

Rossiya Favqulodda Holatlar bo‘yicha vazirligi mulozimlari qator axborot agentliklariga, "Qurbonlar barchasining mehnat muhojirlari bo‘lishgani, hozirda ularning shaxsini aniqlashga urinayotganliklari"ni aytishgan.

Ammo, ularga ko‘ra, muhojirlarning tanalari qattiq kuyib ketgani bois, bu ish oson kechmayotir.

Yong‘in

Moskva shahar O‘t o‘chirish boshqarmasi matbuot voizi Yevgeniy Bobыlevga ko‘ra, poytaxt janubidagi Kachalovskiy bozoriga bugun erta tongda o‘t ketgan.

Yong‘in ikki qavatli bozorning omborxonasida kelib chiqqan.

Ayon bo‘lishicha, mehnat muhojirlari omborxonaga taqab o‘rnatilgan metal konteynerlardan vaqtinchalik boshpana sifatida foydalanishgan.

Xabarlarga ko‘ra, konteynerlarda Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlari yashashgan.

Ular bozorda yuk tashuvchi va farroshlik qilishgan.

Yong‘in o‘tgan konteynerda o‘ndan ortiq kishining yashagani aytiladi.

O‘tni o‘chirish uchun 8 ta mashina jalb etilgan va ikki soat deganda yong‘inni jilovlashga muvaffaq bo‘lingan.

Joriy paytda vayronalar ostidan omon qolganlarni qidirib, topishga harakat qilinmoqda.

Rossiya huquq-tartibot idoralarining bildirishicha, yuz bergan hodisa yuzasidan jinoiy ish ochilgan.

Ammo bozor egalariga qarshi hozircha biror bir ayblov ilgari surilmagan.

Ayrim mas‘ullarga ko‘ra, yong‘inga qurilish sathini yoritib turgan chiroqlarga borib tekkan banner parchasi sabab bo‘lgan.

Qochishga yo‘l yo‘q...

Image copyright RIA Novosti
Image caption Yong‘inni o‘chirishga naq ikki soat ketgan

Mahalliy mas‘ullarga ko‘ra, mehnat muhojirlari judayam tor sharoitda, ustma-ust qilib o‘rnatilgan metal katlarda uxlashgan.

Ular yashagan metal konteynerdan ko‘chaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishning imkoniyati bo‘lmagan.

Shu bois ham, mehnat muhojirlarining faqat omborxona orqali tashqariga chiqishdan o‘zga choralari bo‘lmagan.

O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni jilovlash uchun metal devordan tuynuk ochishga majbur bo‘lishgan.

Bundan avval yong‘in xavfsizligi bo‘yicha olib borilgan tekshiruvlar chog‘ida binoda 18 ta qoidabuzarlik hollari aniqlangan.

U yerda yong‘indan ogohlik tizimi va o‘t o‘chirish uskunalari bo‘lmagan.

Mas‘ullarga ko‘ra, bu haqda bozor ma‘muriyati ogohlantirilgan bo‘lgan.

Muhojirlik

Tirikchilik ilinjida Rossiya poytaxti Moskvaga kelgan markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining soni bir necha millionga yetadi.

Ulardan aksariyati qurilishlar yoki shahar bozorlaridan ish topishadi.

Ammo ulardan anchaginasi maxsus ruxsatnoma olmasdan ishlashadi.

Shu bois ham, Moskvadagi uylarning yerto‘lalarida yoki o‘zlari yasab olgan qo‘lbola boshpanalarda yashashadi.

Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari bundan avval ham bu kabi yong‘inlarning qurboniga aylanishgan.

Jumladan, o‘tgan yil may oyida Moskva markazidagi tashlandiq binoda yuz bergan yong‘in o‘nga yaqin mehnat muhojirining umriga zomin bo‘lgandi.