Tojikistonda qayta nomlashlar yo qaysi Istiqloldan bo‘lasiz?

Image caption So‘nggi qaror mahalliy mutaxassislar tomonidan bir xilda qarshi olinmagan

Shimoliy Tojikistondagi 60 dan ortiq shaharcha va qishloq nomlari o‘zgartirilgan.

Bu masala Tojikiston Jumhuriyati Parlamentining yuqori palatasida ko‘rib chiqilgan.

Rasmiylar aholi manzillari nomi o‘zgartirilishiga Tojikiston Jumhuriyati Hukumati taklifi va Sug‘d viloyati Xalq vakillari majlisi iltimosnomasi asos bo‘lganini bildirishgan.

Deputatlar Isfara shahridagi KIM shaharchasini Nurafshon, Istaravshan tumanidagi Leninobod, Kommunizm, Frunze qishloqlarini Chorbog‘, Zarhalol, Sabriston, G‘onchi tumanidagi Kalininobod qishlog‘ini Ismoil Somoniy, Panjakentdagi Sovetobod qishlog‘ini Ruknobod deb atash uchun ovoz berishgan.

Shu tarzda Sho‘rolar davridan qolgan nomlar o‘zgartirilgan.

Lekin kuzatuvchilarga ko‘ra, aksariyat o‘zbekcha ataladigan manzillar nomi qayta nomlangan.

O‘zbekcha manzillar

Masalan, Qatag‘an qishlog‘i buyog‘iga Zarzamin, O‘tkansoy - Chashmasor, Qamishqo‘rg‘on - Mehrobod, Oqtepa - Istiqlol, Yangihayot - Hayoti nav, Qayrag‘och - Obodon, Yangiko‘chkak - Somoniyon, Tag‘oyqo‘ychi - Istiqloliyat, Kattaqishloq - Xurramobod, Kenagas - Mehrobod, O‘rtaqo‘rg‘on - Hazorchashma, Qorabo‘yin - Gulobod, Qizili - Lolazor, Qiyg‘ir - Shohin Qulanbosh - Guliston, Qaznoq - Zarkor, Qo‘shqo‘rg‘on - Sug‘diyon, Yangiqo‘rg‘on - Navkent, Tovoqbuloq - Chashma, Jarbuloq - Oriyon, Quruqsoy - Obshoron, O‘roqli - Temurmalik deb atala boshlanadi.

Shuningdek, Tojikiston Parlamenti Taboshar shahri nomini Istiqlol deb qayta nomlash borasida qaror qabul qilgan.

Tojikistonda shahar va qishloqlar nomlarini qayta nomlash Gorbachev qayta qurishi davrida boshlangandi.

1991 yil boshida mahalliy ziyolilar intilishlari tufayli Leninobod shahri o‘zining tarixiy Xo‘jand nomini olgan edi.

Tojikiston Istiqlolining dastlabki o‘n yilligida Leninobod viloyati Sug‘d, Orjonikidzeobod shahri Kofarnihon (keyinchalik u Vahdat deb qayta nomlandi) o‘zgartirildi.

Shu tarzda birin-ketin Sovetobod, Kalininobod, Kolxozobod, Lenin, Kuybishev, Moskva, Ilьich, Leningrad, Kommunistik, Sovet kabi shahar va tumanlar nomlari o‘zgartirildi.

Tojikistonda Sho‘rolar davri g‘oyasini ifodalovchi nomlar qo‘yilgan shahar-qishloqlargina emas, ko‘plab ko‘cha va maydonlar nomlari ham qayta nomlana boshlandi.

"Qanday qilib?"

"Sobiq SSSR partiya va hukumat arboblari nomlariga qo‘yilgan aholi manzillari nomlarini o‘zgartirishni tushunish mumkin, lekin yuz yillar davomida o‘z nomi bilan tanilgan o‘zbekcha atamadagi shahar va qishloqlar nomlarini boshqacha atashga qaror qilishni qanday tushunish mumkin", deydi o‘z nomini oshkor etmaslikni so‘ragan tarixchi olim.

Bu olimning aytishicha har bir nom o‘sha aholi manzilining tarixidan ham so‘zlab turadi. "Tarixiy nomlarni olib tashlash yaxshi emas-da", deydi u.

Kasbi iqtisodchi ekanligini aytgan kishining fikricha, manzillar nomini hadeb o‘zgartirish uchun ozmuncha mablag‘ sarflanmaydi.

"Ana shu pulni kam ta‘minlangan oilalarga, o‘ydim-chuqur yo‘llarni tuzatishga, aholini qishda isitish tizimlari bilan ta‘minlashga sarflash yaxshiroq emasmi", deydi bu iqtisodchi.

"Hozirda Taboshar shahrini Istiqlol deb atashga qaror qilishdi. Oqtepa qishlog‘i ham Istiqlol deb atala boshlanadi. Bilmadim, hozir Tojikistonda Istiqlol deb ataladigan nechta aholi manzili bor ekan? Vahdat deb atalgan joylar-chi?", deydi kuzatuvchi Ilhom Rahmatov.

"Qiziq-da, - deydi u fikrini davom ettirib, - masalan. Men Istiqloldan qo‘ng‘iroq qilyapman, deyishsa, qaysi Istiqloldan ekan, deya boshingiz qotib qolmaydimi? Xuddi shu fikrni Vahdat va Somoniy deb atalayotgan aholi manzillariga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Aytganday, istiqlol va vahdat so‘zlari ham aslida tojik tiliga yot so‘zlar, ya‘ni arabcha emasmi?".