Kommunal to‘lovlarni undirish o‘qituvchining ishimi?

Image caption Ayon bo‘lishicha, kommunal to‘lovlarni undirib kelish uchun o‘qituvchilar, hatto, darslarini ham tashlab ketishga majbur bo‘lishayotgan ekan

Namangandan olingan xabarlarga ko‘ra, shahar va viloyatdagi o‘quv yurtlari o‘qituvchilarini aholidan kommunal to‘lovlarni undirib olish jarayoniga jalb etishmoqda.

Aytilishicha, bu amal viloyat hokimligining og‘zaki ko‘rsatmasi bo‘yicha olib borilmoqda.

Bu ishdan bosh tortishga harakat qilgan o‘qituvchilarni esa, ishdan haydash va yo maoshlarining bir qismini ushlab qolish bilan jazolash to‘g‘risida po‘pisalar ham yangrayotgan ekan.

Ushbu muammoni yaqindan o‘rgangan va viloyatdagi qator maktablar o‘qituvchilari bilan suhbatlashgan inson huquqlari faoli Zohidjon Zokirovning BBC bilan suhbatida aytishicha, o‘qituvchilarni kommunal to‘lovlarni undirishga jalb etish yangilik emasa-da, bu yil bu kabi holat butun viloyat bo‘ylab keng tus olgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Namanganda xohlagan bir o‘qituvchidan so‘rang, u mening gaplarimni tasdiqlashi mumkin", deydi u.

Ayon bo‘lishicha, o‘qituvchilar, hatto, ish vaqtlarida ham ushbu vazifani bajarishga majbur bo‘lishayotgan ekan.

Faol, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari darsni tashlab bo‘lsa ham, kommunal to‘lovlarni yig‘ish ishlarida band ekanliklariga shaxsan o‘zi guvoh bo‘lganini aytadi.

Ammo, unga ko‘ra, bu ishga nega aynan o‘qituvchilar safarbar etilishayotgani sababidan bexabar.

Faol, balki, o‘qituvchilar mas‘ullarga qaraganda odamlar bilan "madaniyroq" yo‘lda muloqot qila olishgani uchun bo‘lsa kerak, degan taxminni ham ilgari suradi.

Uning o‘z kuzatuvlaridan kelib chiqib aytishicha, aholi orasida kommunal to‘lovdan qarzdorlik hollari keng tarqalgan.

Faolning aytishicha, oddiy bir maktab o‘qituvchisining oylik maoshi kommunal to‘lovlarga yetib-etmaydi.

"Plastik kartochkasi orqali oyma-oy pul o‘tkazgandan keyin ham, qarzlari oyma-oy ko‘payaveradi. Chunki elektr toki, gaz,.. boshqasini oldin ishlatib bo‘lgan-da", deydi u.

O‘zbekistonda 1 apreldan issiq va sovuq suv, markaziy isitish tizimi haqi hamda elektr narxlari yana ko‘tarilgan.

Shu paytgacha 1 kilovatt elektr quvvati uchun 91 so‘m to‘lagan oddiy odamlar apreldan 97 so‘m to‘lashadi.

Issiq suv o‘rtacha 15 foiz, sovuq suv 10 foiz qimmatlaydi.

Shu kunlarda gaz narxi ham oshadi, degan gaplarni odamlar eshitganlar.

O‘zbekistonda ish haqlari va pensiyalar o‘tgan yil dekabridan 10 foiz oshirilgan, eng kam maosh qariyb 63 ming, eng kam pensiya 123 ming etib belgilangan.

Mustaqil hisob-kitoblarga ko‘ra, shu kecha-kunduzda Toshkentda kichik bir oilaning iste‘mol savati 300 AQSh dollari yoki 846 ming so‘mni tashkil etmoqda.

O‘qituvchilarning bu jarayonga qaysi asosda jalb etilgani va bu ko‘rinish ne qadar keng tarqalganligi borasida biz Namangan shahar Xalq ta‘limi bo‘limi rasmiylarining ham izohini olishga kun bo‘yi harakat qildik, lekin urinishlarimiz hozircha besamar bo‘ldi.

BBC ushbu mavzu bo‘yicha har qanday tomonlarning fikr-mulohazalari uchun ochiqdir.