O‘zbekistonning Afg‘onistondagi roli nega kutilganidek yuqori emas?

Image copyright isaf
Image caption Hayraton Afg‘onistonning O‘zbekistonga darvozasidir

Afg‘on rasmiylari va afg‘onistonliklarning istaklariga qaramasdan, O‘zbekiston rasmiylari janubiy qo‘shnilari bilan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlikni kuchaytirishni istamayaptilar.

Nafaqat Afg‘onistondagi, balki chetdagi kuzatuvchilar ham ushbu fikrga qo‘shiladilar.

BBC muxbiri Afg‘oniston shimolidagi tujjorlar bilan suhbatlashar ekan, tujjorlar yaqinda O‘zbekistonning Termizdagi chegarasidan Amudaryo ustidan tortilgan temir yo‘lning Mozori-Sharifgacha uzaytirilganidan mamnunliklarini bildirishadi.

Sho‘rolar davrida Amudaryo ustidan Afg‘onistonni O‘zbekiston bilan bog‘lagan ko‘prik qurilgan, "Do‘stlik" ko‘prigini o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov ochgan edi.

"Do‘stlik" ko‘prigi ustidan avtomobil va temir yo‘llari o‘tgan, temir yo‘l Balx viloyatining Hayraton shaharchasigacha tortilgan edi.

Muammolarni hal etishda qo‘li kaltalik qilayotgan Afg‘on rasmiylari

2011 yil avgustida Hayratondan Mozori-Sharifgacha jami uzunligi 75 kilometrni tashkil etgan yangi temir yo‘l qurib bitkazildi.

Bu yo‘lni qurish va undan foydalanish O‘zbekistonning "O‘zbekiston Temir yo‘llari" shirkati ixtiyoriga berilgan.

Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, Mozori-Sharifgacha tortilgan temir yo‘l Afg‘onistonga Rossiya, O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlaridan tovarlarni keltirishni osonlashtirgan, ham Afg‘on va ham O‘zbek tujjorlari uchun qulaylik yaratilgan.

Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida tijorat bilan shug‘ullanib kelayotgan Afg‘on tujjori Jovid, endi mablag‘imizni ham tejayapmiz, deydi.

"Bundan oldin O‘zbekistondan Afg‘onistonga yuklarimizni avtomobillarda olib o‘tishimizga to‘g‘ri kelardi, yuk avtomobillariga ancha pulimizni sarflar edik. Temir yo‘l ishga tushganidan keyin yuklarimiz deyarli o‘z omborlarimizgacha yetib kelayapti. Endi bu xizmatlarni ham jahon standardlariga moslash kerak", deydi tujjor.

Jovidning aytishicha, O‘zbekiston bilan tijorat qilishda bir qancha muammolar bor, bu muammolarni hal etishda Afg‘on rasmiylari tijoratchilarga yordam berishni istamayapti.

"Misol uchun, biz Afg‘onistondan shimolga ho‘l meva yuboramiz. Chegarada ko‘p tujjorlarning mevalari bir necha kunlab qolib ketadi, natijada mevalar buziladi. Keyingi muammo, O‘zbekiston vizasini olish. Tijoratchilarning O‘zbekiston vizasini olishlari qiyin. Undan keyin O‘zbekiston hududida biror bir mushkullik paydo bo‘lsa, u yerdagi Afg‘oniston elchiligi ham biror bir yordam bera olmaydi", deydi Afg‘on tujjori.

To‘siq O‘zbekiston davlati

Afg‘oniston Tijorat vazirligining so‘zchisi Vahid Hozexel tujjorlarning bu kabi tanqidlarini tan oladi.

Janob Hozexelning aytishicha, Afg‘oniston o‘zining shimoliy qo‘shnilari bilan savdo-tijorat yanada rivojlantirishni istaydi, Rossiyadan, boshqa mamlakatlardan Afg‘onistonga ko‘proq tovar va mahsulotlarni olib kelishni istamoqda, biroq bunga ko‘pincha "O‘zbekiston davlati to‘siq bo‘lmoqda".

"Biz yonilg‘i mahsulotlarini Rossiyadan olib kelamiz. Ular O‘zbekiston orqali keltiriladi. O‘zbekiston rasmiylari Afg‘onistonga yonilg‘i mahsulotlari olib kelayotgan ayrim shirkatlarga ruxsat beradi, ayrimlariga ruxsat bermaydilar. Ya‘ni, O‘zbek rasmiylari hamma shirkatlarga ham bir xil muomala ko‘rsatmaydi. Biz shunga o‘xshash muammolarni hal qilish maqsadida O‘zbekistonga bir necha marta hay‘at ham yuborganmiz. Lekin bu muammolar hali ham hal bo‘lgani yo‘q", deydi Afg‘oniston Tijorat vazirligi voizi.

Biroq O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarini yaqindan o‘rganib keladigan ekspert Hamidullo Tavochi bu fikrlarga qo‘shilmaydi, oxirgi oylarda O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar yanada kuchaydi, deydi.

"Yaqinda mening o‘zim O‘zbekistonga borib keldim. Men o‘zim ko‘rgan poyezd vagonlarining chegarasi yo‘q edi. Bir kishidan "bu qanaqa vagonlar deb" so‘radim, "bu benzin" dedi. "Bunisi-chi? Taxta, yog‘och". Boshqasiga qarasam, temir mahsuloti. "Bu vagonda nima bor" desam, "loviya, oziq-ovqat mahsulotlari" deyishdi. Men oldin bunchalik ko‘p tovarlar O‘zbekistondan o‘tganini hech ko‘rmaganman. Odamlar chegaradan o‘tishayapti, qaytishayapti. Men sizga o‘z ko‘zim bilan ko‘rganlarimni aytayapman. Hozir, masalan, bir kun O‘zbekistondan neft yoki gaz mahsuloti kelmay qolsa, bu yerda ularning narxi darrov ko‘tarilib ketadi. Shuning uchun ham men ravobitlar hozirga kelib juda chuqur bo‘lgan, deb ayta olaman", deydi Hamidullo Tavochi.

Xo‘sh, savdo-tujjoriy aloqalardan tashqari O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi siyosiy aloqalar qanday?

"O‘zbekiston bilan keng qamrovli memorandumni orzu qilamiz"

Afg‘oniston parlamenti vakili Said Anvar Saodat fikricha, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar juda yaqin bo‘lmasa ham ularni yomon emas, deb aytish mumkin.

"Bizning orzumiz shuki, Afg‘oniston bilan O‘zbekiston o‘rtasida qator sohalardagi hamkorlikni ko‘zda tutgan memorandum yoki bir boshqa shartnoma imzolansa. Bu hujjatda chegara, iqtisodiy, madaniy, ilm-fan, ta‘lim masalalari qamrab olingan bo‘lsa. Chunki O‘zbekiston Afg‘onistonga yaxshi niyati bo‘lgan, Afg‘onistonga doim do‘stlik qo‘lini uzatgan mamlakat. Agar bugungi kunda Afg‘onistonda 7-8 million o‘zbek istiqomat qilishini inobatga olsak, aloqalarni yana ham yaxshi bo‘lishi ham Afg‘oniston va ham O‘zbekiston uchun manfaatli bo‘ladi, deb o‘ylayman", deydi Afg‘oniston parlamenti a‘zosi.

Afg‘oniston shimolida O‘zbekistonning madaniy ta‘siri kuchli seziladi, katta hududda aholi O‘zbekiston telekanallarini tomosha qilish imkoniyatiga egalar.

Mozori-Sharifdan Hirotga tomon davom ettirilishi rejalangan temir yo‘l qurilishi O‘zbekistonning temir yo‘l shirkatiga topshirilgan.

O‘zbekiston Afg‘oniston shimolini elektr energiyasi bilan ham ta‘minlab keladi.

Biroq kuzatuvchilar fikricha, O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan aloqalari Afg‘onistonning boshqa qo‘shnilariga solishtirganda kuchli emas.