Qozog‘iston: Aroq shishasida Allohning nomi?!.

Image caption Zavod ma‘muriyati aroqlarni do‘konlardan qaytarib olishini aytmoqda

Qozog‘istonda Allohning nomi aroq shishasiga yozilishi musulmonlarning g‘azabiga sabab bo‘lgan.

Qozog‘iston g‘arbidagi Aqto‘ba shahrida spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchi zavod ushbu xato uchun musulmonlardan uzr so‘ragan va do‘konlardan ushbu aroqlarni qaytarib olishini bildirmoqda.

Semey shahridagi do‘konlarda sotilayotgan aroqning bosh qismida arabiy harflar bilan "La g‘oli ilolloh" ya‘ni “Allohdan o‘zga buyuklik yo‘q", deya yozilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, ushbu yorliq dizayni Angliyada tayyorlangan va Rossiyada chop etilgan.

Zavod ma‘muriyati dizaynerdan yorliq sharqona bo‘lishini so‘ragan va undagi so‘zlarga e‘tibor bermagan.

Ushbu xabar mahalliy matbuotda yoritilishi ortidan, zavod direktori Aqto‘ba shahridagi markaziy masjidga kelgan va rasman kechirim so‘ragan.

"Biz masjid imomidan jamoatchilik oldida uzr so‘radik. Biz ishlab chiqaruvchi zavodmiz, yorliqdagi dizaynda Alloh yozilganini bilmaganmiz. Shuning uchun ham biz jamoatchilik oldida kechirim so‘raymiz. Ushbu mahsulotlar savdo rastalaridan butunlay olinadi", - degan "Geom" birlashmasi ishlab chiqarish bo‘yicha direktori Olga Erink.

Zavod direktori kelib, kechirim so‘ragan masjidga qatnovchi musulmonning aytishicha, jamoatchilikdan uzrxohlik qilgan ishlab chiqaruvchi ushbu yozuvlarni bir dizayn sifatida qabul qilganini aytgan.

"Biz bilmadik, sharq uslubida chiqaraylik, deb o‘ylab bir kitobdan ko‘chirgandik. O‘qishni bilmasdik deyishyapti. Dizayn deb o‘ylabmiz, kechiringlar dedi", - deydi masjid jamoati vakili.

Suhbatdoshning qo‘shimcha qilishicha, Alloh harom qilib taqiqlagan mahsulotga "Qur‘on"dan kalimalar yozilishini musulmonlar haqorat sifatida qabul qilgan va bu ularning g‘azabini keltirgan.

Rasmiy manbalarda musulmonlar mamlakat aholisining 70 foizi tashkil etishi aytiladi.

So‘ngi vaqtlarda Qozog‘istonning yirik shaharlarida Islom diniga amal qiluvchi musulmonlarning soni tez sur‘atlarda ortayotgani kuzatiladi.