Moskva: Yong‘in qurbonlarining "barchasi o‘zbekistonlik bo‘lishi mumkin"

Image copyright Reuters
Image caption Birgina poytaxt Moskvaning o‘zida Markaziy Osiyodan kelgan millionlab mehnat muhojirlarining borliklari aytiladi

ITAR-TASS axborot agentligining Moskva politsiya boshqarmasi matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, "Kachalovo bozoridagi yong‘inda qurbon bo‘lganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi mumkin".

Bozorning ikki qavatli omborxonasida kecha - seshanba kuni erta tongda kelib chiqqan yong‘inda ja‘mi 17 nafar mehnat muhojirining nobud bo‘lgani aytilgandi.

Axborot agentligi matbuot xizmatining, "Qurbonlarning jasadlari nihoyatda kuyib ketgan. Lekin, taxminimizcha, ular O‘zbekiston fuqarolaridir", degan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Ammo Rossiya Favqulodda Holatlar bo‘yicha vazirligi kecha "Qurbonlar shaxslarini aniqlash oson kechmayotgani"ni bildirgandi.

So‘nggi xabar ortidan, BBC O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi rasmiy vakili bilan ham bog‘landi.

Uning aytishicha, hali yakuniy xulosa chiqarishga erta va joriy paytda mahalliy huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda qurbonlar shaxslarini aniqlash yo‘lida o‘z tekshiruvlarini davom etdirishmoqda.

Moskvadagi inson huquqlari faoli Bahrom Hamroyev esa, qurbonlarning olti nafarigacha O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi mumkin, deydi.

Unga ko‘ra, bu raqamlarni Kachalovo bozorida ishlaydigan markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining biridan olgan.

Bu esa, raqamlardagi chalkashlikka sabab bo‘lmay qolmagan.

Chunki dastlabki xabarlarda yong‘inda nobud bo‘lganlar barchasining Tojikiston fuqarolari ekani taxmin etilgandi.

Ammo Tojikistonning Rossiyadagi elchiligi yong‘in qurbonlari orasida o‘z fuqarolari yo‘qligini aytmoqda.

Jinoiy ish

Mas‘ullarga ko‘ra, yuz bergan hodisa yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 3-bandi, 219-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ushbu modda, "Ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish"ni ko‘zda tutadi.

Yong‘in sababi borasida hozircha aniq bir to‘xtamga kelinmagan.

Ammo o‘t mehnat muhojirlari foydalangan elektr isitgichdan kelib chiqqan, degan taxminlar ilgari surilmoqda.

Omborxonada qurilish materiallari saqlangani aytiladi.

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan o‘nlab mehnat muhojirlari bozor omborxonasiga taqab solingan metal konteynerlarda yashashgan.

Ular Kachalovo bozorida yuk tashuvchilik va farroshlik bilan shug‘ullanishgan.

Hibslar

Mahalliy mas‘ullarga ko‘ra, yong‘in kelib chiqqan binoni ijaraga olgan OOO "Start-2" va OOO "Alьbaset" shirkatlari bosh direktorlari qo‘lga olingan.

Ayon bo‘lishicha, ular hozirchalik gumondor sifatida ikki sutkaga hibsga olinishgan.

Joriy paytda ikkovlon ustidan tergov jarayoni borayotgani va shundan so‘ng, ularni hibsda qoldirish-qoldirmaslik masalasida bir to‘xtamga kelinishi aytiladi.

Rossiyaning Favqulodda Holatlar bo‘yicha vaziri Sergey Shoygu kecha yuz bergan yong‘in sabablari sinchiklab o‘rganilishini talab qilgandi.

Kachalovo bozoridagi yong‘in Moskvadagi Ovro‘poda eng balandi bo‘lishi kutilayotgan osmono‘par binoga o‘t ketishidan bir necha soat o‘tib kuzatilgandi.

Ammo hali qurilishi davom etayotgan binodagi yong‘in biror bir insoniy talofatlarga sabab bo‘lmagani aytilgandi.