Turkiya: 1980 yilda davlatni ag‘dargan generallar ustidan mahkama boshlandi

Image copyright AFP
Image caption Kenan Evren 1989 yilgacha Turkiya Prezidenti lavozimini egallab kelgan

Turkiyada bundan 32 yil muqaddam sodir etilgan davlat to‘ntarishining hayotdagi ikki rahbari ustidan mahkama jarayoni boshlangan.

1980 yilning 12 sentyabrda yuz bergan davlat to‘ntarishi bilan bog‘liq mahkama ishida ayblanuvchilar - Turkiyaning yettinchi prezidenti Kenan Evren va uning Qurolli Kuchlar Bosh Shtabi boshlig‘i Tahsin Shohinqoya mahkamaga kelishmagan.

Mahkama 94 yoshli sobiq prezident va 86 yoshli general himoyachilarining ularning sog‘ligi mahkamada ishtirok etishga izn bermaydi, degan da‘volarini rad etgan.

Evren va shohinqoya Turkiyaning fuqaro hukumatini ag‘darishda ayblanishadi.

Izmirdagi mahkama himoyachilar, shohidlar, jabrlanuvchilar va jurnalistlarga joy yetishmagani bois kechroq boshlagan.

Mahkama tashqarisida yuzlab, asosan, turkiyadagi so‘l qanot partiya vakillari qurbonlar uchun adolat talabi bilan namoyish o‘tkazishgan.

Jarbdiydalarning aksariyati xunta boshqaruvi ostida qiynoq va boshqa noinsoniy muomala qurboni bo‘lganliklarini aytishadi.

Frans-Press xabar agentligi davlat to‘ntarishi yuz bergan 1980 yilning 12 sentyabr kuni hibsga olingan 56 yoshli Ali Imerning so‘zlarini keltiradi.

"Men so‘l qanot partiyaga a‘zolikda ayblanganman. Meni 87 kun davomida qiynoqqa solishgan. Ular mening ayolimni zo‘rlash bilan tahdid etganlar va meni elektroshokka tutishgan", deb aytgan xunta qurboni.

O‘zlarini Turkiyadagi dunyoviylikning qo‘riqchilari sifatida ko‘rib kelgan harbiylar 1960, 1971 va 1980 yillarda uchta davlat to‘ntarishini amalga oshirishgan.

1960 yilda hukumatni ag‘dargan generallar bosh vazir Adnan Menderesni osishgan.

Ammo 1980 yilning 12 sentyabridagi voqealar Turkiyaning yaqin o‘tmishidagi eng qonli to‘ntarish sifatida ko‘riladi.

O‘shanda yuz minglab odamlar hibsga olingan, 50 kishi qatl etilgan, o‘nlab insonlar qiynab o‘ldirilgan va o‘n minglab faollar Turkiyani tashlab chiqishga majbur bo‘lishgan.

Davlat to‘ntarishidan uch yil o‘tib, Kenan Evren saylovlarda g‘alaba qozongan va 1989 yilgacha Turkiya Prezidenti lavozimini egallab kelgan.

Ramziy mahkama

Bu Usmonli Turklari davrida "poshsholar" deb atalgan armiya generallari Turkiya tarixidagi birinchi mahkama.

Turkiya harbiylari o‘z vaqtida mutlaq daxlsiz, deb ko‘rilgan.

O‘n yillar davomida Turkiyaning saylab qo‘yilgan fuqarolik hukumatlari harbiylar tomonidan ag‘darilish qo‘rquvi ostida yashagan.

Ammo Turkiyaning oxirgi uchta saylovdagi g‘alabalaridan ruhlangan iqtidordagi mo‘‘tadil islomiy Adolat va Taraqqiyot partiyasi generallardan qo‘rqmadi.

Hozirda yuzlab amaldagi zobitlar va generallar hukumatni ag‘darishga urinish aybi bilan mahkamaga tortilgan.