"O‘zbekistonda bolalar ortiq paxtaga chiqarilmaydi"mi?

Image caption O‘zbekiston rasmiylari paxta dalalarida majburiy bolalar mehnatidan foydalanilayotganini rad etib kelishadi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi ma‘qullagan qo‘shimcha chora-tadbirlarga muvofiq, o‘quvchilarning majburan paxta yig‘im-terimiga jalb etishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun joylarda monitoring o‘tkaziladi.

Rasmiy xabarlardan ayon bo‘lishicha, monitoring natijalariga oid batafsil tahliliy ma‘lumot lozim takliflar bilan birga hukumatga taqdim etiladi.

Yangi rejaga muvofiq, ta‘lim muassasalari rahbarlari zimmasiga o‘quvchilarning birorta ham dars qoldirmasliklarini ta‘minlash uchun bor choralarini ishga solish mas‘uliyati ham yuklanadi.

Hukumat qarorida aytilishicha, hujjat Xalqaro Mehnat Tashkilotining O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan konventsiyalari ijrosini ta‘minlash, qonunchilikni yaxshilash, majburiy bolalar mehnati va bolalar mehnatining eng yomon ko‘rinishlariga chek qo‘yish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida qabul qilingan.

O‘zbekiston hukumati yillarki paxta-yig‘im terimida majburiy bolalar mehnatidan foydalanayotganlikda xalqaro tanqidlar ostida qolib keladi.

Ammo, so‘nggi qaror manzarasida eng qizig‘i shundaki, O‘zbekiston rasmiylari bu kabi hollar amalda ekanini doimo rad etib kelishgan.

Lekin ba‘zida bolalar ko‘ngilli ravishda ota-onalariga yordam berishayotganini aytishgan.

Kim nima deydi?

O‘zbekiston hukumatining so‘nggi qarori esa, majburiy bolalar mehnati bilan bog‘liq vaziyatni yaqindan kuzatib kelayotgan mahalliy inson huquqlari faollari tomonidan nekbinlik bilan qarshi olinayotgani yo‘q.

"Bundan to‘rt yil burun O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev ham majburiy bolalar mehnatidan foydalanmaslik, bunga amal qilmaganlarga qarshi chora ko‘rishga oid qaror qabul qilgandi. Ming afsuski, o‘sha qaror ham shu turishicha qolib ketdi. Ana shu qarorning ijrosi va O‘zbekiston hukumati o‘zi ratifikatsiya qilgan xalqaro qonunlarni qanchayin mensimaganligidan kelib chiqqan holda, bir inson huquqlari faoli, bir inson sifatida navbatdagi chora-tadbirlarga ishonmayman", deydi jizzaxlik Baxtiyor Hamroyev.

"Bizda eng katta fojea shundan iboratki, o‘sha qabul qilingan qonunlarni hayotga tadbiq etish mexanizmi yo‘q. Gap - mana shunda", deydi faol:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Boshqa tomondan, faolning aytishicha, O‘zbekiston hukumati o‘zi xohlamagan taqdirda ham, o‘quvchi va talabalar mehnatisiz, yetishtirgan paxtasini o‘zi terib ololmaydi.

"Sho‘rolar Ittifoqi davrida minglab paxta terish mashinalari bo‘lardi. Agar paxtachilikka ixtisoslashgan birgina Jizzax viloyati misolida oladigan bo‘lsak, boringki, 20 ta paxta terish mashinasi bor, xolos. Qolganini qo‘lda terishga majbur. Bundan kelib chiqadiki, bizda qishloq xo‘jalik sohasi butunlay isloh qilinishi kerak. Isloh qilinmas ekan, bu masala hech qachon o‘z yechimini topmaydi", deydi u.

Faol, o‘z o‘rnida, qishloq xo‘jaligini isloh qilish uchun davlatning boshqaruv strukturasi va qonunlarni isloh etishga to‘g‘ri keladi, bu kabi demokratik jarayonlarga yo‘l ochsa, O‘zbekiston hukumatining o‘ziga qiyin bo‘ladi, hammasini shundan tushunib olavering, deydi u.

Unga ko‘ra, bularning barchasidan kelib chiqib, O‘zbekistondan majburiy bolalar mehnatiga bu yaqin orada chek qo‘yilishiga umid qilmasa ham bo‘ladi.

O‘zbekiston

O‘zbekiston iqtisodi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan. Ekin maydonlarining katta qismida paxta yetishtiruvchi respublika uni ekib, yig‘ib olguncha qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj sezadi.

Yog‘inli kunlargacha ochilgan paxtani terib olish uchun dehqonlarning oldida 1 oy, uzog‘i bilan 2 oy muddat bo‘ladi.

Paxta tolasini chetga eksport qilish orqali mo‘may daromad ko‘ruvchi hukumat ushbu qimmatbaho xom-ashyoni sifatli ravishda terib olish uchun butun zaxiradan foydalanishga harakat qiladi.

O‘zbekiston qonunlarida voyaga yetmagan bolalarning mehnatidan foydalanish taqiqlangan bo‘lsa-da, har yili o‘rtacha 2 millionga yaqin maktab o‘quvchilarining paxta yig‘im-terimiga majburan jalb qilinishi aytiladi.

Kuzatuvchilar Sho‘rolar davridan beri xunuk an‘anaga aylangan ushbu noqonuniy mehnatdan foydalanishni to‘xtatish uchun hukumat yetarli harakat qilmayotganini aytishadi.

Paxtaning asosiy qismi yildan yilga faqat qo‘lda terishga o‘tilayotganini va uni yig‘ib olishda texnika takomillashtirilmayotgani tanqid qilinadi.

Xalqaro tashkilotlar bir necha yildan beri O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnatidan foydalanish muammolari haqida bong urib kelmoqdalar.

Buning natijasida, jahonning 60 ga yaqin yirik shirkatlari o‘zbek paxtasidan qilingan mollarni boykot qilish haqidagi petitsiyaga ham imzo chekkanlar.

O‘zbekiston hukumati bir necha yil burun bolalar mehnatiga qarshi ikki muhim konventsiyani ratifikatsiya qilgan, ammo fuqaroviy jamiyat faollariga ko‘ra, amaldagi vaziyat o‘zgarishsiz qolmoqda.