O‘zbek bosh vazirining tojik bayonotiga javobi naqadar asosli?

Image caption O‘zbekiston Tojikistonga 1 apreldan gaz ta‘minotini to‘xtatishi o‘zaro diplomatik ziddiyatning yana avj olishiga sabab bo‘lmoqda

Tojikiston Tashqi Ishlar Vazirligining ikki kun avval O‘zbekiston uni iqtisodiy ishg‘ol qilayotganini da‘vo qilib Moskvadagi elchixonasi web sahifasida chop qilgan bayonotidan so‘ng O‘zbekiston bosh vaziri o‘zining tojik hamkasbiga javob maktubini yo‘llagan.

Maktubda Shavkat Mirziyoyev tojik tomoni ayblovlariga turtki bergan qadamlarni izohlagan va ular mutlaqo asosli ekani aytilgan.

Unda, jumladan, nima uchun turkman gazini Tojikistonga uzatish imkoni yo‘qligi, o‘zbek gazining ta‘minoti to‘xtatilishi sabablari ham bayon etiladi.

Janob Mirziyoyev maktubida ko‘tarilgan nuqtalar qanchalar asosli ekanini bilish uchun BBC Moskvadagi MDH Davlatlari Institutining Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Andrey Grozinga murojaat qildi.

BBC: Avvalo Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi gaz ta‘minoti muammosiga to‘xtalsak. Tojikistonning bayonotida aytilishicha, 5 yanvarda Tojikiston 2012 yil davomida 200 million kubometr o‘zbek gazining yetkazilishi borasida shartnoma imzolagan, biroq ikki oygina o‘tib o‘zbek tarafi to‘satdan 1 apreldan gazni uzib qo‘yishini ma‘lum qilgan. O‘zbek bosh vaziri bayonotida esa boshqacha ma‘lumot, u "Uztransgaz" o‘z majburiyatlarini to‘laligicha bajarganini aytadi. Ho‘sh kimga ishonish kerak?

Grozin: Hozir kim haqiqatni gapirayotganini aytish qiyin. O‘zaro kelishilgan shartnoma hujjatlarini o‘qib ko‘rish kerak. Aftidan shartnoma unchalik aniq tuzilmagan. Agarda aniq tuzilganida, yo o‘zbek yo tojik tarafi uning matnini ro‘kach qilgan bo‘lardi. Lekin buni biz ko‘rmayapmiz. Bu degani ikki tomon ham o‘zi bilganicha o‘z manfaati yo‘lida o‘sha shartnomani talqin qilmoqda. Bu yerda mustaqil tomonning juda ehtiyotkorona huquqiy ekspertizasi kerak. Aksincha, bu shartnoma har ikki tomonga o‘z "haqiqat"ini ilgari surish imkonini berib boraveradi.

BBC: Turkman gaziga kelsak. Dushanbe O‘zbekistonni turkman gazini Tojikistonga o‘tkazmay kelishda ayblayapti. O‘zbek bosh vaziri maktubida esa o‘zbek va turkman gaz ta‘minoti tizimi bir-biridan mustaqil holda amal qilgani uchun, turkman gazi tranziti imkonsiz deyiladi. Bu borada kimga ishonish kerak?

Grozin: Menimcha, bu yerda haqiqat ko‘proq O‘zbekiston Bosh Vaziri Shavkat Mirziyoyev tomonida. Men bilishimcha, o‘zbek va turkman gaz quvurlari o‘rtasida o‘tgan ikki-uch yil ichida haqiqatdan ham bog‘liqlik bo‘lmagan. Lekin, bu bilan Dushanbe va Ashhobod kelishgan gaz miqdorini texnik jihatdan yetkazib berish imkonsiz deb bo‘lmaydi. Birinchidan, buning uchun siyosiy iroda kerak. Ikkinchidan esa, bunga ma‘lum texnik jarayonlar va ma‘lum vaqt kerak. Agar Toshkent bu borada qarorga kelganda edi, menga rossiyalik gaz ekspertlarining aytishlaricha, turkman gazi tranziti masalasini bir oy yo bir yarim oyda hal qilish mumkin.

BBC: Tojik tomonini norozi qilayotgan yana bir jihat bu ikki mamlakat o‘rtasidagi hududlarga ko‘milgan minalar masalasi. Janob Mirziyoyev o‘z maktubida bu minalar Tojikistonda 1992 va 1996 yillar orasida davom etgan fuqarolar urushi tufayli ko‘milganini aytadi. Lekin, ko‘p farazlarga ko‘ra, O‘zbekiston bu minalarni 1999 yilda Toshkentda yuz bergan portlashlar ortidan joylashtirgan. Demak, janob Mirziyoyev yolg‘on gapirayaptimi?

Grozin: Balki bosh vazir yetarli ma‘lumotga ega emasdir. 1999 yilda kim ko‘mgan bu minalarni? Mudofaa vazirligi ko‘mgan. Adashmasam, u vaqtda o‘zbek mudofaa vaziri janob G‘ulomov edi. Ana o‘sha kishidan so‘rash kerak buni. Aynan uning qo‘li ostidagilar piyoda jangchilarga qarshi minalarni joylashtirishgan, va yumshoq qilib aytadigan bo‘lsak, vazifani ancha chala-chulpa bajarishgan. Bu minalar joylashishi borasida xaritalar tuzilgan deb hech kim aniqlik bilan aytolmaydi. Bu ishlarning ko‘pi palapartish qilingan. Hatto rasmiy Toshkentda ham u hududga qancha mina ko‘milgani va aynan qayerga ko‘milgani, qanchalar zich ko‘milgani borasida aniq ma‘lumot bo‘lmasa kerak. U davrdan beri ko‘p yillar o‘tdi. Men minalar xaritasi tuzilganiga shaxsan shubha qilaman, lekin agarda shunday xarita bo‘lgan taqdirda ham, bu kabi hujjatlar yo‘qotilgan va shuning uchun bugunga kelib minalar mavzusi katta muammo bo‘lib turibdi.

BBC: Va yana bir katta muammo bu albatta Tojikistonning Rog‘un GESini qurish rejalari. Tojik tarafi o‘z keskin bayonotida Rog‘unni tilga olgan, lekin o‘zbek bosh vaziri Rog‘unni o‘z maktubidan umuman tushirib qoldirgan. Nima uchun?

Grozin: Ha. Shavkat Miromonovich bayonotida Rog‘un GESi haqida bironta ham so‘z yo‘q. Balki bu bilan Toshkent bu GESning qurilishi O‘zbekiston mavqeiga ta‘sir qila oladigan yoki uni belgilab beradigan omil emasligini aytmoqchidir. Lekin, aslida, albatta hamma narsa buning aksi. Aynan shu GESning qurilishi Toshkentning g‘azabini qo‘zg‘ayotgan asosiy omildir. Va uning qurilishiga qanday yo‘l bilan bo‘lmasin to‘siq qo‘yish Toshkentning har bir amali ortidagi sabab bo‘lib kelayapti. Bu nafaqat hozir, balki bir yil avval ham, undan ham avval bo‘lgan. Rog‘unni texnik jihatdan yangilash, keyin esa rossiyalik yoki boshqa sarmoyadorlarni qidirish jarayoni boshlanganda, va ayniqsa Tojikiston o‘z kuchiga tayanib minimal ishlarni amalga oshirishga uringanida, ikki tomon o‘rtasida shunday nodo‘stona munosabat avj olgandi. Adolat bo‘lsin deb aytmoqchimanki, bu kabi munosabatning avj olishida har safar O‘zbekiston tashabbuskor bo‘ladi.

BBC: Siz aytgandek, bu ziddiyat yillarki davom etib kelayapti. Lekin oxirgi rasmiy bayonotlar juda keskin tus olgan. Nima uchun aynan hozir bu keskinlashuv yuz berayapti va bu vaziyat naqadar jiddiy?

Grozin: Menimcha, O‘zbekiston Rog‘un muammosini hal qilishga bel bog‘lagan. Ya‘ni u Dushanbedan Imomali Rahmon istayotgan parametrlarda Rog‘unning qurilmasligi borasida kafolatni undirib olmoqchi. O‘zbekiston tarafi uchun o‘zi aslida bu GES loyihasi umuman bo‘lmasa yaxshiroq bo‘lardi. Lekin, aftidan O‘zbekiston unchalik uzoq kelajakka ko‘z tikmayapti. U istaydigan narsa, avvalambor, Rog‘undagi qurilish jarayonining keskin kamaytirilishi. Va yana bir sababi, bu aftidan Rog‘un qurilishi borasida yil oxirrog‘ida o‘tadigan xalqaro ekspertiza qarori oldidan qilinayotgan piar tayyorgarlik. Ya‘ni O‘zbekiston kelajakda qanday javob berishi mumkinligidan ishora berib qo‘ymoqchi. Toshkentning asosiy nishoni albatta Dushanbe, lekin Toshkent bu amallari bilan nafaqat Dushanbega ishora berayapti, balki bu loyihaga aralashgan barcha xalqaro o‘yinchilarga o‘zi nimalarga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘yayapti.