"Narkobaronlarning yagona xalqaro ma‘lumot bazasini tuzish kerak"

Image caption Afg‘onistonda giyohvand moddalar yetishtirish 40 baravar ko‘paygani aytiladi.

Rossiya Giyohvand moddalar aylanishini nazorat qilish Federal xizmati rahbari Viktor Ivanov giyohvand moddalar savdosidan noqonuniy daromad ko‘rayotgan insonlar haqidagi yagona ma‘lumot bazasini tuzish taklifi ilgari surilganini bildirdi.

Viktor Ivanovning aytishicha, bunday ma‘lumotlar narkobaronlarga qarshi iqtisodiy chora ko‘rish uchun zarurdir.

Moskvada matbuot anjumani uyushtirgan Rossiya Giyohvand moddalar aylanishini nazorat qilish Federal xizmati rahbari aytishicha, Rossiya tarafi ushbu taklif bilan Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a‘zo mamlakatlarga murojaat qilgan.

"Biz Shanxay Hamkorlik tashkiloti yig‘ilishi doirasida narkobaronlar, narkotrafikchilarning yagona ma‘lumot bazasini tuzishni taklif qildik, boisi bundaylar juda ko‘p sonda Afg‘onistonda ham, Xitoyda ham, bizda ham va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham bor", deb aytgan Viktor Ivanov.

Janob Ivanov so‘zlariga ko‘ra, bir necha mamlakatlarda mavjud ma‘lumotlarni birlashtirish giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi kurash samarasini oshiradi.

Rossiya giyohvand moddalarga qarshi kurash idorasi rahbari misol tariqasida AQSh tajribasini tilga olgan.

"Bunday amaliyot AQShda faol qo‘llanadi. Masalan, o‘tgan yili yozida Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Barak Obama narkotiklarga qarshi kurash qonuni doirasida ijroiya hujjatini imzoladi. Bu hujjat narkobaronlarning ro‘yxatini tuzish, narkotrafikchilarni bu ro‘yzatga kiritish va ularga iqtisodiy ta‘sir o‘tkazishni nazarda tutadi", degan Viktor Ivanov.

Rossiya giyohvandlarga qarshi bosh tashkiloti rahbariga ko‘ra, Afg‘onistondagi o‘ziga BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan yuklatilgan vazifani uddalay olmagani uchun Shanxay Hamkorlik tashkiloti NATO ustidan xalqaro mahkamalarga murojaat qilishi mumkin.

Janob Ivanov aytishicha, BMT Xavfsizlik Kengashi mandatida noqonuniy giyohvand moddalar savdosi Afg‘onistonda qurol-yarog‘ sotib olishning asosiy manbasi bo‘layotgani qayd etilgan va NATOga bu mamlakatdagi bangivor moddalar yetishtirilishiga barham berish vazifasi ham yuklangan.

Biroq NATO missiyasi boshlanganidan buyon Afg‘onistonda narkotik moddalar ishlab chiqarish 40 marta ko‘paydi, deb aytgan Viktor Ivanov.