The Telegraph: "O‘zbek-tojik mojarosi mintaqani beqarorlashtirishi mumkin"

Image caption "Telegraf"ning yozishicha, temiryo‘l va gaz O‘zbekistonga janubiy qo‘shnisi ustidan iqtisodiy nazorat o‘rnatish imkonini beradi

Britaniyada chiqadigan "Telegraf" ro‘znomasining yozishicha, Markaziy Osiyoning ikki sobiq sho‘ro davlati o‘rtasidagi mojaro mintaqadagi barqarorlikni izdan chiqarishi mumkin.

Ro‘znomaga ko‘ra, so‘nggi haftalarda temir yo‘li va gaz tranziti borasida keskinlashgan ziddiyat Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlarning qanchalik tarang ekanini ko‘rsatadi.

Britan nashri so‘nggi keskinlashuv NATO Afg‘onistondan o‘z kuchlarini olib chiqishga tayyorlanayotgan payt yuzaga kelganiga e‘tibor qaratgan.

Ro‘znomaning Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri Jeyms Kilnerning yozishicha, o‘zining og‘ir harbiy texnikasini Markaziy Osiyo orqali olib chiqishga hozirlanayotgan NATO mintaqada yaxshi fazoni yaratishga urinmoqda.

Muallifga ko‘ra, Markaziy osiyodagi eng qashshoq davlatlardan biri bo‘lgan Tojikiston uchun suv asosiy tabiiy boyliklardan biri hisoblanadi.

"Tojikistonning tabiiy boyliklaridan biri, bu - Pomir tog‘laridan oqib tushayotgan va O‘zbekistonning daromadli paxta maydonlarini sug‘orishda ishlatilayotgan suvdir", - deb yozadi muallif.

Ammo o‘z navbatida O‘zbekiston gaz quvurlari tarmog‘i va temir yo‘l tizimiga ega, bu esa O‘zbekistonga o‘z qo‘shnisi ustidan iqtisodiy nazorat o‘rnatish imkonini beradi.

Muallifning ta‘kidlashicha, rasmiy Toshkent ayniqsa, Tojikistonning gidroinshoot loyihalariga tish-tirnog‘i bilan qarshi.

"O‘zbekiston, jumladan, Tojikistonning bu sohada Eron bilan hamkorlikda amalga oshirishni rejalayotgan loyihalariga qarshi. To‘g‘onlar Tojikistonning O‘zbekiston energiyasiga qaramligini kamaytirish bilan birga, muhim suv zahiralarining ham tortilishiga olib keladi", deb yozadi muallif.

"Telegraf"dagi maqolada tojik tomoni O‘zbekistonni o‘zini iqtisodiy qamal qilishga urinishda ayblagani, ammo o‘zbek rasmiylari bu da‘volarni rad etganliklari aytiladi.