O‘zbekistonda ommaviy hibsga olishlarning yangi to‘lqini...

O‘zbekiston Mustaqil Inson huquqlari Tashabbus guruhining bildirishicha, so‘nggi o‘n kun ichida Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Buxoro shahrida yigirmadan ortiq dindor hibsga olingan.

Guruh rahbari Surat Ikromov bu haqda hibsga olinlar yaqinlarining o‘zlariga qilgan murojaatlariga tayanib, ma‘lum qildi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Uning aytishicha, hibsga olishlar hanuz davom etmoqda va hibsdagilarning qayerda ekani borasida huquq-tartibot xodimlari hech qanday ma‘lumot berishmayotir.

Surat Ikromovga ko‘ra, hibsga olinganlarga O‘zbekistondagi konstitutsion tuzumga tajovuz qilish va noqonuniy diniy guruhlarga a‘zolik ayblari qo‘yilishi mumkin.

Tashabbus guruhi rahbari, o‘z o‘rnida, qo‘lga olinishlari ortidan, ularga qo‘yilayotgan ayblovlarga iqror qilish uchun dindorlarning shafqatsiz qiynoqqa tutilishlarini aytadi.

"Bu - sistema bo‘lib qolgan. Ularning hech qanday ayblari bo‘lmasligi mumkin. Ammo hibsga olinganlarning diniy ekstremizmga aloqador moddalarda ayblanishlari aniq. Bu qiynoqlar ana shu ayblarni ularning bo‘ynilariga qo‘yish uchun boshlanadi. Bu haqda sudlanuvchilar mahkama jarayoni chog‘ida ko‘p aytishgan", deydi u.

Hibslar

Tashabbus guruhi rahbariga ko‘ra, hibsga olinganlarning barchasi 25-30 yoshlar atrofidagi namozxon yigitlardir.

Ayon bo‘lishicha, ular bir nechtasi fuqaroviy kiyimda bo‘lgan militsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olinishgan.

Huquq-tartibot xodimlari hibs chog‘ida o‘zlarini rasman tanishtirishmagan, uylarga kirib, gumon qilgan odamlarini qisqacha so‘roq qilishgan va tintuv o‘tkazishgan.

"Tintuv chog‘ida qanaqadir noqonuniy yoki taqiqlangan diniy adabiyotlar topilmagan, lekin shunga qaramay, yaqinlariga 2-3 kun ichida qo‘yib yuboramiz deb, ularni olib chiqib ketishgan", deydi Tashabbus gurhi rahbari.

Surat Ikromovga ko‘ra, hozircha ularning O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining qaysi moddasi bo‘yicha ayblanayotganliklari noma‘lum.

Unga ko‘ra, bu kabi ommaviy hibsga olishlar O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham bo‘lishi mumkin va ular "bitta stsenariy" asosida olib boriladi.

Surat Ikromovning ishonishicha, "dindorlarni hibsga olishlar yuqoridan kelgan norasmiy buyruqlar asosida amalga oshiriladi".

"O‘zbekistondagi har bir tuman ichki ishlar boshqarmasi va milliy xavfsizlik xizmati kompьyuterlarida namozxonlarning ro‘yxati bor", deydi u.

Tashabbus guruhi rahbariga ko‘ra, huquq-tartibot xodimlari va hakamlarning o‘zlari bilan ko‘plab suhbatlari ortidan bu kabi xulosaga kelgan.

"Bu narsa bizlarda ancha yildan beri bo‘layapti", deydi u.

O‘tgan yil yoz oylarida ham Toshkent viloyatida bu kabi ommaviy hibsga olishlar kuzatilgan va bir qator dindorlar hibsga olinishgandi.