Jizzahdagi Xalq Banki nafaqa va yordam pullarini naqd pulda bermayapti

Image caption Plastik kartochkadagi pulni zarur vaziyatda odamlar ishlatolmay qiynalishadi

Jizzax viloyatining Paxtakor tuman Xalq bankida mijozlarga naqd pul bermay qo‘yganlar. Bu haqida jizzaxlik inson haqlari faoli Saida Qurbonova ma‘lum qilgan.

U o‘zining to‘rt nevarasi uchun to‘lanadigan nafaqani olish uchun bankka qayta-qayta murojaat qilgani, lekin unga bankda naqd pul yo‘qligi aytilganini bildirdi.

Ayni damda, faolga ko‘ra, unga o‘xshab, har kuni naqd pul so‘rab bankka qatnayotganlar navbati uzilmayapti va ular orasida moddiy jihatdan qiynalib qolgan kam ta‘minlangan oilalar ko‘p.

Qurbonova xonimning internetda chop qilgan maktubida Paxtakor tumanining Samarqand xo‘jaligida istiqomat qiluvchi kam ta‘minlangan oila a‘zosidan iqtibos keltiriladi.

"O‘tgan hafta 35000 (o‘ttiz besh ming) so‘mni ikki kishiga bo‘lib berishgandi, qolganini ololmay sarsonman. Har kuni qatnayman. Bugun har ertalab kelgandim. Mana kech bo‘ldi. Yana ololmay qaytib ketayapman. 15 kundan beri qatnayverib o‘shancha pulni ishlatib ham qo‘ydim shekilli", deyiladi iqtibosda.

Bank esa nima uchun naqd pul yo‘qligini izohlamagan. Bi-bi-si vaziyatni izohlab berish uchun Paxtakor tuman Xalq banki bilan bog‘lanishga urindi, biroq buning imkoni bo‘lmadi.

Saida Qurbonovaning Bi-bi-siga aytishicha, bank navbatda turgan mijozlariga nima uchun naqd pul bankda yo‘qligi borasida biron ma‘lumot bermagan.

Unga ko‘ra, bank xodimlari nafaqa va moddiy yordam pullarini plastik kartochkalarga o‘tkazishni taklif qilishmoqda.

Biroq u plastik kartochkadagi pulni har qanday maqsadda ishlatib bo‘lmasligini aytadi.

"Masalan, birovning bolasi yo Jizzaxda kollejda yo Toshkentda o‘qiyotgandir, ularga yo‘l puli yo mahsulot qilib berish kerak-ku. Magazinlarga olib borsangiz 200 mingni naqd pul qilib berayapti 15 foiz hisobiga, bu 30 ming degani. 30 ming so‘m bilan katta oila bir hafta yashashi mumkin", - deydi faol.