Alisher Soipov o‘limiga bog‘liq mahkama ishi qayta ko‘rib chiqiladi

Image copyright b
Image caption Ovro‘po Ittifoqi Qirg‘iziston hukumatini Alisher Soipovning o‘ldirilishi yuzasidan shaffof tergov o‘tkazishga chaqirgan

Qirg‘iziston Oliy Mahkamasi taniqli jurnalist Alisher Soipov o‘limiga bog‘liq mahkama ishini qayta ko‘rib chiqish qarorini olgan.

O‘sh shahrida o‘zbek tilida nashr etiluvchi "Siyosat" gazetasining 26 yoshli muharriri Alisher Soipov 2007-yil oktyabrida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketilgandi.

Avvallari olingan barcha qarorlarni bekor qilgan Oliy Mahkama jurnalist ishini O‘sh shahar mahkamasiga qayta yo‘llagan.

Alisherning otasi Avaz Soipovning aytishicha, o‘g‘lini o‘ldirishda ayblanib, ikki yil muqaddam 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Abdufarit Rasulov jinoyat sodir etilgan payti boshqa joyda bo‘lgan.

Abdufarit Rasulov 2009 yil fevralь oyida Botken militsiyasi tomonidan hibsga olingandi.

Militsiya hibsga olish chog‘ida uning yonidan Makarov to‘pponchasi topilganini ma‘lum qilgan.

Jurnalistning ayni to‘pponchadan otib o‘ldirilgani xabar qilingan.

"Siyosat" jurnalining muharriri Alisher Soipov O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning ashaddiy tanqidchilaridan biri sifatida tanilgandi.

Jurnalist o‘limidan sakkiz oy o‘tib, Avaz Soipov O‘zbekiston prezidentini o‘g‘lini o‘ldirishga buyruq berishda ayblab chiqdi.

Avaz Soipov unda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi va xavfsizlik xizmatlarining alohida xodimlari ushbu qotillikni amalga oshirishda yordam berganliklarini tasdiqlovchi dalillar borligini aytgan.

Qotillik yuzasidan tergov olib borayotgan qirg‘iz rasmiylari turli farazlar o‘rganilayotgani, jumladan Alisher Soipovning o‘limiga O‘zbekiston maxsus xizmatlarining aloqasi borligi haqidagi iddaolar ham nazardan soqit qilinmaganini ma‘lum qilishgan.

Avaz Soipov o‘g‘li o‘limi yuzasidan ishning qayta mahkamaga yo‘llanishini "adolatning kichik g‘alabasi" deya baholagan.

Ovro‘po Ittifoqi Qirg‘iziston hukumatini Alisher Soipovning o‘ldirilishi yuzasidan shaffof tergov o‘tkazishga chaqirgan.