Suriyada otishmalar davom etmoqda

Image copyright AFP
Image caption Suriyadagi otishmalarda har kuni o‘nlab odamlar qurbon bo‘lmoqda

Urushni butkul to‘xtatish haqidagi BMT tomonidan belgilangan muhlatga oz vaqt qolganiga qaramasdan Suriyada zo‘ravonliklar hamon davom etayotgani xabar qilingan.

Seshanba kuni ertalab Homsda otishmalar bo‘lib o‘tgan. Turkiya va Livan chegaralarida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan.

Dushanba kuni kamida 100 kishining o‘ldirilgani, ularning aksariyati tinch fuqarolar ekanligi aytilgan.

Rasmiy Damashq isyonchilardan otishmalarni to‘xtatish haqida yozma kafolat berilgan taqdirda, qurolli kuchlarni shahar va aholi yashash joylaridan olib chiqilishini bildirgan.

BMT maxsus elchisi Kofi Annanning tinchlik rejasiga binoan Suriya kuchlari seshanba kuni aholi yashash joylaridan armiyani olib chiqishi, payshanba kuni o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishi lozim bo‘ladi.

Biroq Suriya faollariga ko‘ra, hukumat kuchlari seshanba kuni ertalabdan Homsning g‘arbiy qismida otishmalarni boshlagan, shuningdek, Aloppo va boshqa viloyatlarda ham hujumlar kuzatilgan.

Dushanba kuni Turkiya bilan chegara hududdagi jamlog‘da bir necha qochqinlar yaralangan. Ikki odam otib o‘ldirilgan.

Livanlik operator Suriya bilan chegarada halok bo‘lgan.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Erdo‘g‘on Xitoyga safari oldidan bu hodisalar uning mamlakati chegarasini ochiqdan-ochiq buzish ekanini, bunga qarshi "kerakli chora ko‘rilishi"ni aytgan.

Turkiyada ayni paytda 24 mingdan ortiq suriyalik qochqinlar, jumladan armiyadan qochgan yuzlab askarlar bor.

BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annanning Turkiyadagi qochqinlar jamlog‘iga zo‘ravonlikdan qochgan odamlardan vaziyatni yaxshiroq bilish maqsadida borishi xabar qilingan.

Avvalroq Suriya prezidenti Bashar al-Assad mojaroni tinch yo‘llar bilan hal qilish haqidagi BMT maxsus vakili Kofi Annan taklifiga rozi bo‘lgandi.

Lekin yakshanba kuni rasmiy Damashq isyonchilardan o‘tishmalarni to‘xtatish haqidagi yozma kafolatni talab qilgan.

Shuningdek, g‘arb davlatlaridan aksilhukumat kuchlarga moliyaviy va harbiy ko‘mak berishni to‘xtatishni so‘ragan.

Assad hukumati qo‘shinlarni olib chiqilishidan isyonchilar o‘z maqsadlarida, qurollanish uchun foydalanishlariga yo‘l qo‘yolmasligini ma‘lum qilgan.

Suriya ozodlik armiyasi vakillari esa yarashuv bitimiga qo‘shilishlari, lekin yozma kafolat berish talabiga ko‘nmasliklarini aytishgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriyani "barcha harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga va o‘z majburiyatlarini bajarish"ga chaqirgan.

BBC muxbiri Jim Myuir tinchlik rejasi bajarilishiga hali umid bo‘lsa ham, u birinchi qarshilikdayoq qulayotganini aytgan.

Bu rejani qayta tiklash xalqaro hamkorlar hisoblangan Rossiya, Xitoy, Erondan zarur qadam qo‘yilishini talab qiladi.

Bu davlatlar Bashar Assad tuzumini himoya qilib chiqqan bo‘lsalar ham, Kofi Annanning tinchlik rejasini ham ma‘qullashgan.

Ayni paytda Suriya Tashqi ishlar vaziri Moskvada muzokoralar olib bormoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriya hukumatini BMT rejasini amalga oshirishga, shuningdek, Suriya muxolif guruhlarini ham o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.

Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim Suriya hukumati aniq qadamlar qo‘yishni boshlagani, bir qancha viloyatlardan qo‘shinlarni olib chiqilgani, Qizil Xoch tashkilotining gumanitar yordamlari o‘z egalariga yetkazilishi ta‘minlanayotganligi, hibsga olinganlarning bir qanchasi chiqarilganini aytgan.

Shunga qaramay qurollangan isyonchilarning o‘t otishni to‘xtatmayotganlarini qayd etgan.

Janob Annan Tehronda Suriya mojarosini muhokama qilishi aytilgan.

BMT hisobotiga ko‘ra, Suriyada to‘qnashuvlar boshlanganidan buyon qariiyb 9000ga yaqin kishi halok bo‘lgan.

Suriya hukumatiga ko‘ra 2000dan ortiq harbiylari o‘ldirilgan.

Zo‘ravonliklarda qurollangan to‘dalar va terroristlarni ayblagan.