Tojik siyosiy partiyalari O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlarini muzokaraga chaqirdilar

Image caption Siyosiy partiyalar Prezident Karimov va Prezident Rahmonni ikki o‘rtada yuzaga kelgan bahslarni ijobiy hal etishga chaqirganlar.

Tojikistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yetti siyosiy partiya vakilllari O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga murojaat bilan chiqqanlar.

Tojikiston Agrar partiyasi, Islom Uyg‘onish, Kommunistik, Sotsialistik, Demokratik, Iqtisodiy islohotlar partiyasi va Umummiliy Sotsial-demokratik partiyaning Sug‘d viloyat bo‘limlari umumiy bayonot e‘lon qilganlar, bu bayonot O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlaridan tashqari BMT va Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti rahbariyatiga ham yo‘llangan.

Murojaatda siyosiy partiyalar ikki mamlakat o‘rtasida oxirgi paytda taranglashgan vaziyatdan xavotir bildirganlar.

Qarama-qarshilik biror bir taraf manfaatiga xizmat qilmasligini ta‘kidlagan partiyalar vakillari Prezident Islom Karimov va Prezident Imomali Rahmonni ikki o‘rtada yuzaga kelgan bahslarni ijobiy hal etishga chaqirganlar.

Murojaat mualliflari ikki mamlakat rahbarlariga murojaat qilib, ikki xalq manfaatlarini o‘zlarining shaxsiy yoki guruhiy manfaatlaridan yuqori qo‘yish fursat yetganini aytadilar.

Tojik siyosatchilari Prezident Rahmon va Prezident Karimovni siyosiy donolik va uzoqni ko‘ra olishlarini namoyish etishga, yuzaga kelgan muammolarni yuzma-yuz o‘tirib, muzokaralar davrasida diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqiradilar.

Dushanbe va Toshkentdagi Birlashgan Millatlar va Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotlarining vakolatxonalaridan muammolarni ijobiy hal etishda yordam berishlari so‘ralgan.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston bilan Tojikiston munosabatlari tobora sovuqlashib borayotgani kuzatildi.

Tojikiston o‘zini elektr energiyasi bilan ta‘minlash maqsadida Rog‘un GESini qurishi zarurligini ta‘kidlab keladi.

Asosiy suv tomirlari Qirg‘iziston va Tojikistonda bo‘lgan O‘zbekiston esa bu ulkan loyiha o‘z iqtisodiyotiga salbiy ta‘sir ko‘rsatishi, mamlakat qishloq xo‘jaligi suvsiz qolishini aytib Rog‘un GESi loyihasiga qarshiligini bildirib keladi.

O‘zbekiston bu loyihaning xalqaro ekspertizadan o‘tkaziligi tashabbuskori bo‘lgan.

Tojikiston O‘zbekistonni iqtisodiy qamalda ayblab kelayotganiga ham ancha bo‘ldi, Tojik tarafi o‘zlariga mo‘ljallangan yuklarning O‘zbekistonda atayin uzoq vaqt ushlab turilishidan o‘z iqtisodi zarar ko‘rayotganini aytib keladi.

2011 yil noyabrida O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati hududidan o‘tgan va Tojikistonning janubiy hududlarini bog‘lagan temir yo‘lda terrorchilik xuruji uyushtirilganini O‘zbek rasmiylari e‘lon qilganlar, bugunga kelib Tojik rasmiylari O‘zbekiston bu yo‘ldagi temir yo‘l relslarini buzayotgani haqida xabar tarqatganlar.

O‘zbekiston 2012 yil 1 aprelidan Tojikistonga tabiiy gaz uzatishni to‘xtatishi haqida e‘lon qilgan, ikki mamlakat o‘rtasidagi yil boshida imzolangan bitimda faqat yilning birinchi choragidagi gaz ta‘minoti ko‘zda tutilganini aytgan.

Tojikistonning Moskva va Bishkekdagi elchixonalari qo‘shni mamlakatlarni O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ziddiyatni aritishda ko‘mak so‘rab chiqdilar.