"O‘zbek va Tojik rahbarlari yuzma-yuz uchrashishlari kerak"

Image copyright none
Image caption Tojikistondagi siyosiy partiyalar vakillari O‘zbekiston bilan yuazga kelgan tang vaziyatni yechish yo‘lini ikki mamlakat rahbarlarining yuzma-yuz uchrashuvida ko‘rmoqdalar.

Tojikistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yetti siyosiy partiya vakilllari O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga murojaat bilan chiqqanlar.

Tojikiston Agrar partiyasi, Islom Uyg‘onish, Kommunistik, Sotsialistik, Demokratik, Iqtisodiy islohotlar partiyasi va Umummiliy Sotsial-demokratik partiyaning Sug‘d viloyat bo‘limlari umumiy bayonot e‘lon qilganlar, bu bayonot O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlaridan tashqari BMT va Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti rahbariyatiga ham yo‘llangan.

Murojaatda siyosiy partiyalar ikki mamlakat o‘rtasida oxirgi paytda taranglashgan vaziyatdan xavotir bildirganlar.

Tojikiston "Islom Uyg‘onish Partiya"sining "Najot" ro‘znomasi bosh muhhariri, tahlilchi Hikmatullo Sayfullozodaga ko‘ra, vaziyatning o‘ta jiddiyligi siyosiy harakatlar vakillarini bu kabi qadamga undagan omillardan biridir.

Hikmatullo Sayfullozoda: Haqiqatan ham ikki qo‘shni xalq orasida emas, ta‘bir joiz bo‘lsa ikki qo‘shni hukmdor o‘rtasida kelishmovchiliklar davom etib, yildan yilga turli omil va sabablar qo‘shilib boryapti. Va hech qaysi tomon o‘z holicha bu muammolarni yecha olmaydi. Tojikistondagi siyosiy partiyalarning Xo‘janddagi vakillari birgalashib, bu muammoni yechishning yagona yo‘li ikki rahbarning yuzma -yuz uchrashib, muloqot qilishlari lozim, degan xulosa chiqardilar. Ya‘ni ikki xalq boshdan kechirayotgan aziyatlarni davom ettirishga umuman hojat yo‘q. Lekin bu xulosaga hozircha faqatgina So‘g‘d viloyati bo‘linmalari keldilar, mamlakatdagi siyosiy partiyalarning markaziy rahbariyati hozircha bu borada o‘z so‘zini aytgani yo‘q.

BBC: Siyosiiy partiya vakillari ana shu kabi murojaat bilan chiqishga qaror qilgan ekanlar, vaziyatni shu qadar jiddiy qabul qilyaptilar, deb o‘ylaysizmi?

Hikmatullo Sayfullozoda: Fikrimcha, vaziyat jiddiydan-da ko‘ra og‘irroq. Bu vaziyatdan chiqish yo‘llaridan biri esa bizning Xo‘janddagi vakillarimiz aytganidek -ikki rahbarning uchrashuvi. Ya‘ni hech qanday vositachilarsiz, hattoki xalqaro miqyosdagi vositachilarsiz uchrashishlari kerak. Chunki, ularning yakka o‘zlarigina tushuna oladigan jihatlar bor. Agardaki, kimdir bu uchrashuvda qatnashsa ana jihatlarga aralashuv bo‘ladi. Bizning vakillarimiz ana shu taklifni o‘rtaga tashlayotgan ekanlar, demak bu muammoni faqatgina ikki rahbarning o‘zigina hal qila oladilar, deganidir.

BBC: Lekin bu ikki rahbar o‘rtasidagi munosabatlar ham oxirgi yillarda yaxshi bo‘lmagan, ana shu jihat nazarda tutilsa, ularning hozirda yuzma-yuz uchrashuvlari ne qadar real taklif?

Hikmatullo Sayfullozoda: Bu taklif ikkala rahbar o‘rtadagi vaziyatni anglab yetib, voqelikni tan olgan taqdirlaridagina reallikka aylanadi. Agardaki, janob Karimov va janob Rahmon ikkalasi ham faqatgina o‘z mavqei va nuqtai nazarini o‘tkazmaslikka harakat qilib, ikkala mamlakatdagina emas, mintaqadagi vaziyatni va oqibatlarni anglab yetsalar bu uchrashuv imkoni paydo bo‘ladi. Ular bir-birlari bilan mushtalashganlari yoda aytishganlari yo‘qku, Karimov Toshkentda qandaydir siyosiy bayonotlarni qilgan, Rahmon esa Dushanbeda, sal qo‘polroq so‘zlar aytilgan bo‘lishi mumkin. Lekin bularni hammasini chetga surib, o‘tirib, ochiqchasiga muammolarni muhokama qilish imkoni bor menimcha.

BBC: Murojaatda ikki rahbar o‘z shaxsiy manfaatlaridan xalq manfaatlarini yuqori qo‘yishlari kerak, deyilgan. Bu yerda shaxsiy manfaat deganda, nimalar nazarda tutilyapti?

Hikmatullo Sayfullozoda: Bayonotdagi bu so‘zlar aynan nimani anglatishini bilmadim, lekin bu mavzuda ko‘plab maqolalar yozgan muallif sifatida shuni aytishim mumkinki, menimcha bu yerda ikkala rahbarning ham qudrat kursisiga tirmashishi nazarda tutilgan. " Men rahbar yoda prezident bo‘lishni xohlayman va hech kimga bu mavqeni bermayman" degan yondoshuvni xalq manfaatidan yuqori qo‘yish - ana shu nazarda tutilyapti menimcha. Rahbarlik kursisida o‘tirgan har qanday ongli inson yuz foiz xalq meni qo‘llab-quvvatlaydi, deb ishonch bila ayta olmaydi. Na janob Karimov va na janob Rahmon bu kabi da‘voni qila oldilar. Shuning uchun xalq manfaati masalasiga afzallik berilishi kerak.

BBC: Ikki davlat rahbari hozirda bu murojaatda aytilgan da‘vatga quloq tutadilar, deb o‘ylaysizmi?

Hikmatullo Sayfullozoda: Bunisini aytish qiyin, agarda bu kabi bayonot poytaxt Dushanbeda yangraganida, anchayin ta‘sirliroq bo‘lardi, deb o‘ylayman. Lekin hozirda janob Karimov yoda janob Rahmon, ayniqsa janob Karimov bu murojaatga quloq tutish u yoqda tursin, butunlay e‘tibor qaratmaydilar, deb o‘ylayman. Shuning uchun aytamanki, hozirga qadar xoh partiyalar tomonidan aytilgan bo‘lsin, xoh rahbarlar tomonidan aytilgan bo‘lsin, hamma gaplarni chetga surib, ikki xalq va balkida butun mintaqa manfaatlarini nazarda tutib, yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazilishi kerak, yoda mintaqaviy rahbarlar sammitini chaqirish kerak. Hech qaysi tomonning manfaatlarini bir-biridan ustun qo‘ymay, ochiqchasiga gaplashish kerak. Fikrimcha bu narsa imkonli.