O‘zbekiston: xususiy shifoxonalarning faoliyat turlari kamaydi

Image caption Xususiy tibbiyot maskanlarida ko‘rsatiladigan xizmat sifati balandligi aytiladi

O‘zbekiston hukumatining "Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish" to‘g‘risidagi qarori bilan xususiy klinikalarning faoliyat ko‘rsatish turi deyarli 30 foizga qisqargan. Xususiy klinika sohiblari qaror o‘ta og‘ir sohalarni qisqartishini va bu ko‘p profilli klinikalarning faoliyatiga ta‘sir qilmasligini aytmoqda. Sohadagi mutaxassislar hukumat bu yo‘l bilan og‘ir yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi kichik klinikalarni yo‘qotishni maqsad qilganini ta‘kidlamoqda.

O‘zbekiston hukumatining qarori bo‘yicha 20 faoliyat turi xususiy klinikalardan olib qo‘yiladi. Bularning ichida doyalik, kichik amaliyotli ginekologiya, travmotologiya va bolalar kasalligiga oid bir necha faoliyat turlari mavjud.

Toshkentdagi xususiy klinikalarning birida bosh vrach bo‘lib ishlovchi Ravshan akaning aytishicha, ko‘plab xususiy klinikalar man‘ qilingan sohalar bo‘yicha talabga javob beruvchi xizmatni ko‘rsata olmaydi. Bu sohalardagi yuqori malakali shifokorlarni olib kelishga ko‘plab xususiy klinikalar qodir emas.

"Xususiy klinikalarning ichida faqat bizga o‘xshagan yiriklari professorlarni chaqira olamiz. Xususiy klinikalarning asosiy qismi bunday qila olmaydi, shuning uchun ham bemorlarning davlat muassasalariga borgani ma‘qul", - deydi Ravshan aka.

Bosh vrachning ilova qilishicha, bolalar xastaligi o‘ta jiddiy soha bo‘lgani uchun bu yo‘nalishda faoliyat yuritishni uncha-muncha xususiy klinikalar zimmasiga olavermaydi. Yangi qaror bu boradagi ehtiyotkorlikni huquqiy jihatdan mustahkamlagan, xolos.

Qarorda travmotologiya yo‘nalishi bo‘yicha ham litsenziya berish taqiqlanadi. Toshkentlik ismi o‘zgartirilgan Botir Shametov 10 yildan buyon xususiy klinika biznesi ichida yuradi va ushbu qarorni jinoiy elementlarning oldini olishga qaratilgan deya izohlaydi.

Xususiy va davlat nazoratidagi tibbiyot farqi

"Travmotalogiyaga ruxsat bermaganining sababi - jinoyat ko‘p. Misol uchun moshin urib ketadi. Tomonlar boshida kelishib xususiy klinikaga borib pulini beradi, keyin ikkinchi tomon kelishilgan pulni bermasa, sudma-sud yugurish boshlanadi. Shu jihatdan bu ishda jinoiy tomoni bor edi. Shuning uchun travmotologiya xususiy meditsinada yo‘q", - deydi toshkentlik Botir Shametov.

Botir akaga ko‘ra, Toshkent shahrida davlatga tegishli travmotologik shifoxona va bo‘limlar yetarli. Ushbu sohaning xususiy klinikalarda yo‘qolishi ortidan mijozlar tanqislik his etmaydi. Chunki travmotologiya sohasida faoliyat yurituvchi xususiy klinikalar o‘ta oz edi.

"Travmotologiya sohasiga ko‘proq avtohalokatda jabr ko‘rganlar tushadi va bu sohada rejali mijozlardan favqulotda mijozlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ko‘pchilik shaxsiy klinikalar kechayu-kunduz ishlamaydi va ularda rentgen yo‘q. Kompyuter tomografiyasi mutaxassisi tushgacha ishlaydi va tushdan keyin ishlamaydi. Bemorga jonlantirish bo‘limi va parvarish kerak", - deydi xususiy klinika biznesida faoliyat yurituvchi Botir Shametov.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan bemorlar O‘zbekistondagi xususiy klinkalarda xizmat va sharoitlar davlat shifoxonasiga qaraganda ancha yuqori ekanligini aytadi. Narxlar ham nisbatan arzon va shifokorlar malakaliroq. Jizzax shahridagi xususiy klinikalarda 10 kun davolanib chiqqan Gulmira opa davlat va xususiy klikalarni solishtiradi.

"Davlat shifoxonasida dorilarni o‘zing topib borishing kerak, xususiyda esa pulini berasiz va ovqatidan tortib dori-darmonigacha o‘zlari taqdim qiladi. Malakalari zo‘r, muomalalari yaxshi. Har bir xonaga televizor qo‘yilgan, qo‘l yuvish uchun sharoit yaratilgan. Tashqariga chiqib ovora bo‘linmas ekan. Ovqatlarni xonaga o‘zlari olib kelib, yeb bo‘lingach idishlarni o‘zlari tozalashadi", - deydi Gulmira opa.

Vazirlar mahkamasining qarorini yaqindan o‘rganib chiqqan Botir Shametov yangi qaror eski uskunalarni ishlatuvchi faoliyat turi tor klinkalarni tartibga solish uchun ham qabul qilinganini aytadi. Talablarga javob beruvchi yirik xususiy klinikalar ushbu xizmatlarni ko‘rsatishda davom etishi mumkin.

"Sizdagi apparat zamonaviy bo‘lishi kerak. Misol uchun MRTni oling, MRTning so‘nggi chiqqan modeli va eskisi bor. Agar siz yangi modelini olib kirsangiz ishlatishga ruxsat bor. Ammo ko‘pchilik ishlatilgan eski jihozlarni ishlatishayapti. Ularga ruxsat berishmayapti. Bu qaror bilan mayda klinikalar yo‘q bo‘lib ketadi", - deydi Botir Shametov.