O‘zbekiston xorijiy sarmoyadorlarga yangi imtiyozlar beradi

Image caption Bir necha million o‘zbekistonlik xorijda ishlaydi

Xorijiy sarmoyadorlarni O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etishga intilayotgan rasmiy Toshkent yangi "keng ko‘lamdagi kafolatlar, imtiyozlar va afzalliklar tizimi"ni taklif qilmoqda.

Chorshanba kuni Prezident Islom Karimov imzolagan yangi farmonda O‘zbekistonga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan xorijiy ishbilarmonlarga beriladigan yangi imtiyozlar batafsil bayon etilgan.

Unga muvofiq, 5mln dollardan ziyod mablaqqa ega bo‘lgan xorijiy sarmoyadorlar o‘n yil davomida har qanday davlat soliqlaridan ozod etiladi.

Farmon orqali, shuningdek, davlat mulozimlarining xorijiy sarmoyadorlar ishiga umuman aralashmasligi kafolatlangan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi veb sahifasida nashr etilgan farmonda yangi chora-tadbirlarning qabul qilinishi "jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotganligi..., ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish..., shunigdek, xorijiy investorlar bilan ishlashdagi mavjud byurokratik g‘ovlar va to‘siqlarni bartaraf etish" zarurati bilan izohlangan.

Farmonda O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi yillarda barqaror o‘sishda davom etgani ta‘kidlangan esada, xorijiy shirkatlar mamlakatga sarmoyaga kiritishga oshiqmaydilar.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bunday holatning yuzaga kelishiga qator yirik xorijiy shirkatlarning berkitilishi, mahkamaga tortilishi va ularga tegishli korxonalarning tortib olinishi sabab bo‘lgan.

Yangi farmonda O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga xorijiy investorlarning huquq va kafolatlarini himoya qilish bo‘yicha "qattiq nazorat o‘rnatish hamda qonunchilik buzilishini oldini olish va aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ta‘sirchan choralar" ko‘rish vazifasi topshirilgan.

So‘nggi jahon moliyaviy inqirozini chetlab o‘tishga muvaffaq bo‘lgan O‘zbekiston iqtisodiyoti 2010 yilda 8% o‘sdi.

Biroq iqtisodchilar ayni yilda inflyatsiya darajasi 12 foizni tashkil etgani va mamlakatda turmush darajasi asosan chetdan mehnat muhojirlari yo‘llagan mablag‘lar hisobiga ushlab turilganini qayd etishadi.