O‘zbekistonda hibsga olingan qozoq turisti terrorizmda ayblanishi mumkin

Image caption Qosmagambetov noutbukida islomiy roliklar bo‘lgani aytiladi

O‘zbekistonda o‘zbek-qozoq chegarasida diniy adabiyotlar tarqatishda ayblanib hibsga olingan qozog‘istonlik sayyoh bilan advokat uchrashgan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarosining huquqlarini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini ma‘lum qildi.

Navro‘z bayrami arafasida O‘zbekistondagi tarixiy joylarni o‘z rafiqasi bilan ziyorat qilishga borganini aytgan qozog‘istonlik Yermek Qosmagambetov chegaradagi tekshiruv vaqtida noutbukidan diniy roliklar chiqqani uchun hibsga olingandi.

Hibsga olinganiga qariyb bir oy bo‘lgan janob Qosmagambetov uchun advokat Qozog‘iston hukumatining ko‘magi bilan yollangan.

Avvalroq Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborib fuqarosining hibsga olinishiga oydinlik kiritib berishni so‘ragan.

"Ushbu ish davom etmoqda. Qozog‘iston fuqarolarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga Tashqi ishlar vazirligi an‘anaviy ravishda ko‘p e‘tibor ajratishini har doim ta‘kidlab kelganmiz", - deydi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Altay Abibullayev.

Islomiy roliklar

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 16 mart kuni Toshkent yaqinidagi "May" chegara o‘tish nuqtasida chegarachilar Qosmagambetov noutbukini tekshirish vaqtida Islom diniga oid oltita rolik borligini aniqlashgan.

Chegarachilar ularni er-xotinni diniy adabiyotlarni tarqatishda gumon qilib Qibray tumanidagi ichki ishlar boshqarmasiga olib ketishadi.

U yerda juftlikning mobil telefonlarini olib qo‘yiladi va ular uch kun kamerada saqlanadi. Keyinchalik Aqmaral Shakirova qo‘yib yuboriladi va unga huquq-tartibot organi xodimlari hammasi yaxshi bo‘lishini aytib, "to‘polon qilmasdan" Qozog‘istonga qaytib ketishini va ana shunda eri tez orada qo‘yib yuborilishini va‘da qilib yo‘lga chiqarishadi.

"Tuman ichki ishlar boshqarmasida bizni uch sutka ushlab turishdi. U yerda hibsga olinganlar uchun kichikkina xona bor edi. Xonada o‘g‘rilik, bosqinchilik uchun ushlangan 7-8 odam bor edi. Ayol kishi bo‘lganim uchun menga stulda o‘tirishimga ruxsat berishdi, Yermekni esa yonimga o‘tirg‘izishdi. Ushbu uch sutkani o‘tirib o‘tkazdik", - deydi Aqmaral Shakirova.

30 mart kuni Toshkent viloyat mahkamasida bo‘lib o‘tgan yopiq jarayonda Yermek Qosmagambetovni "diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizmni targ‘ib qiluvchi materiallar kontrabandasi" bandi bo‘yicha hibsga olish qarori olingan.

Shakirova xonimning aytishicha, chegarachilar tomonidan tekshirilgan noutbukni ular safar oldidan sotib olishgan va kompyuterdagi islomiy roliklarga hech kim ahamiyat bermagan.

Unga ko‘ra, kompyuterni sotib olib bergan yaqinlarining bildirishicha, ushbu video roliklar islomni tanituvchi roliklar bo‘lgan, xolos.

Hozir Yermek Qosmagambetovning yaqinlari uning terrorizmda ayblanishidan xavotir bildirishmoqda. Agar u terrorizmda aybdor deb topilsa, 10 yildan to bir umrlik qamoq jazosigacha hukm qilinishi mumkin.