Suriyada otashkesim kuchga kirdi, biroq shubhalar mavjud

Image copyright Reuters
Image caption Isyonchilar faol bo‘lgan Homs kabi shaharlar deyarli butkul vayronaga aylangan, minglab yashovchilari quvg‘inda

BMT elchisi Kofi Annan tavsiya qilgan otashkesim Suriyada amalga kirgan, biroq G‘arb davlatlari Damashqning unga bo‘ysunishiga shubha bildirishmoqda.

Suriya otashkesimga bo‘ysunishini aytgan, biroq hujumlarga javob berishini ham bildirgan. Avvalroq AQSh Damashq va‘dasi ishonchli emasligini aytib chiqdi.

Muxbirlarga ko‘ra, otashkesim hozircha o‘rnatilgan ko‘rinadi.

Bosh muxolif qurolli guruh ham har qanday hukumat hujumlariga javob qaytarishini aytgan.

Janob Annan Suriya tashqi ishlar vazirligidan hukumat qo‘shinlari "Soat 06:00dan boshlab Suriya hududida har qanday harbiy janglarni to‘xtatadi... lekin qurolli terrorchi guruhlar tomonidan amalga oshirilgan har qanday hujumga teng ravishda javob qaytarish huquqini saqlab qoladi" deb aytilgan yozma notani qabul qilib olgan.

"Ultimatum yakuniga yetishidan bir soat o‘tib barcha hududlarda vaziyat tinch bo‘lib qolayotir", - dedi Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari kuzatuv guruhi raisi Rami Abdul Rahmon.

Agar otashkesimga barcha tomonlar bo‘ysunsa, asosiy e‘tibor hukumat qo‘shinlari, tanklar va og‘ir qurollarning olib chiqilishiga qaratiladi.

BBCning Bayrutdagi muxbiri Jim Myuirning aytishicha, qo‘shin va qurollarning olib chiqilishi allaqachon seshanba kuni boshlanishi kerak edi.

Payshanba tongida qator shaharlar, jumladan Idlib va poytaxt Damashqning chekka mavzelarida otishma va granatamyotlar ovozlari eshitilgan, lekin, muxbirimiz otashkesim umuman olganda o‘rnatilganini aytadi.

Biroq, uning aytishicha, vaziyatni barqaror deb hisoblashga hali juda erta va siyosiy muzokaralar boshlanishidan avval hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolar juda ko‘p.

Buzilgan va‘dalar

AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays Suriyaning Annanga yo‘llagan notasidagi shartlarni "xavotirli" deya tasvirlagan va zo‘ravonlikni to‘xtatishdek asosiy mas‘uliyat alaloqibat Suriya hukumati yelkasida ekanini bildirdi.

Britaniya Tashqi Ishlar Vaziri Vilyam Heyg esa agar otashkesimga erishilsa, "ular yana jang maydoniga qaytmasliklari uchun" Suriyaga zudlik bilan kuzatuvchilarni jo‘natish yo‘lida Britaniya BMT bilan birga ishlashini aytdi.

"Agar otashkesim buzilsa, biz yana Xavfsizlik Kengashiga qaytib Suriya bo‘yicha rezolyutsiyaga erishishga yana harakat qilamiz, va biz muxolifat uchun dastagimizni oshiramiz, hamda Damashqdagi rejimga qarshi qattiqqo‘l sanktsiyalar o‘rnatilishiga urinamiz", - dedi u.

Olmoniya Kantsleri Angela Merkel va AQSh Prezidenti Barak Obama telefon suhbatlari ortidan "Kofi Annan vositachilik qilgan kelishuv shartlariga Assad hukumati bo‘ysunmayapti degan xavotirlarga biz ham qo‘shilamiz" deb aytishgan.

Suriyaga qarshi Xavfsizlik Kengashida avval muhokama qilingan rezolyutsiyaga to‘siq qo‘ygan Rossiya va Xitoy otashkesimni hush qarshi olishgan, biroq isyonchilarni unga mas‘uliyat bilan yondoshishga chaqirishgan.