Islom payg‘ambarini hajv qilgan nashrga hujum bo‘yicha mahkama boshlangan

Image copyright PA
Image caption Islom payg‘ambarining hajv qilingani musulmonlarning g‘azabiga sabab bo‘lgan

Daniyada Muhammad payg‘ambarni hajv qilib chiqqan ro‘znomaga hujum qilish uchun til biriktirishda gumon qilingan to‘rt kishi ustidan mahkama bo‘lib o‘tmoqda.

Uch shved fuqarosi va bir tunislik terrorizm va noqonuniy qurol saqlashda ayblanmoqda.

2010 yil dekabrida Daniya va Shvetsiyada qo‘lga olingan bu to‘rt kishi o‘zlarining aybdor emasliklarini himoyachilari orqali aytishgan.

Prokuraturaga ko‘ra, uch gumdondor Muhammad Payg‘ambarning hajviy suratini nashr qilgan Daniyaning Jyllands-Posten ro‘znomasi va karikaturachi rassom Kurt Vestegardga hujum qilishni rejalagan.

Kurt Vestegardning 2005 yilda nashr qilingan hajviy rasmlari jahondagi musulmonlarni g‘azablantirgan, ko‘plab mamlakatlarda namoyishchilar bilan xavfsizlik kuchlari to‘qnashishiga va insonlar o‘limiga olib kelgan norozilik chiqishlariga sabab bo‘lgan edi.

Munir Ovad, Umar Abdulla, Abulazim va Munir bin Muhammad Dahriy 2010 yil dekabrida Daniya poytaxti Kopengagenda hibsga olingan.

Sabhi Bin Muhammad Zalotiy Shvetsiyada qo‘lga olinib, Daniyaga beriladi.

Sudlanuvchilar ayblari tasdiqlansa, 14 yildan 16 yilgacha qamoq jazosiga yuz tutishlari mumkin.

Politsiya ular qo‘lga olingan paytda yonlaridan pulemyot, to‘pponcha va 108 ta o‘q topilganini aytgan.

Shved va daniyalik maxsus xizmat xodimlariga ko‘ra, gumon qilinganlar orqasidan bir necha oy kuzatishgan.

Politsiya Jyllands-Posten ro‘znomasida hajviy surat chiqqandan keyin Daniya o‘tgan olti yil ichida islom jangarilarining mo‘ljalida bo‘lib kelganini aytadi.

O‘sha paytda Daniya bayrog‘i yoqilgan, Daniyaning elchixonalariga hujumlar uyushtirilgan.

Ro‘znoma sodir etilgan ish bo‘yicha kechirim so‘ragan, lekin hujumlar to‘xtamagan.

Karikaturachi Kurt Vestergaardni bolta bilan o‘ldirishga urinishda aybdor deb topilgan somalilik qochqin Muhammad Geyel 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Daniyalik aspirant Mett Petersonning Assosheyted Press agentligiga aytishicha, "Karikatura haqidagi eski gaplar yana chiqqani achinarli. Daniya tarixidagi bu lavha tezroq unutilishi kerak".