Shimoliy Koreya uchirgan raketa qulagan

Image copyright AP
Image caption Shimoliy Koreya raketasi uchirilgandan ko‘p o‘tmay qulab tushgan

Juma kuni ertalab Shimoliy Koreyaning uzoq masofaga uchuvchi "Unxa-3" raketasining parvozi muvaffaqiyatsiz tugagan.

Raketa orbitaga sputnikni olib chiqolmagan.

Amerika, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlari Mudofaa vazirliklarining xabariga ko‘ra, raketa uchirilgandan keyin yarim daqiqa o‘tmasdan Koreya yarim orolining g‘arbiga okeanga qulab tushgan.

Janubiy Koreya mutaxassislari raketa qoldiqlari qidirilayotganligini ma‘lum qilishgan.

Shimoliy Koreya axborot agentligi raketaning uchirilgani va qulaganini tasdiqlagan, muvaffaqiyatsizlikning sabablari tekshirilayotgani aytilgan.

Amerika matbuotining yozishicha, raketa uchirilganidan so‘ng odatdagidan boshqacha yorishish kuzatilgani raketa qulash oldidan portlaganini tasdiqlaydi.

BMT Xavfsizlik Kengashi Shimoliy Koreya raketasining uchirilishi munosabati bilan juma kuni zudlik bilan yig‘ilish o‘tqazishi e‘lon qilingan.

Xalqaro hamjamiyat, jumladan Rossiya va Xitoy rasmiylari ham bu borada o‘z xavotirlarini bildirishgan.

Oldinroq "Katta sakkizlik" davlatlari Tashqi ishlar vazirlari Shimoliy Koreya hukumatidan raketa parvozini bekor qilishni talab qilishgan edi.

Shiimoliy Koreya rasmiylari parvoz faqat tinch maqsadlarni ko‘zlab amalga oshirilishini, raketa olib chiqadigan yo‘ldosh yerga sinoptiklar uchun muhim ma‘lumotlarni yetqazishini va Shimoliy Koreyaga o‘z tabiiy boyliklaridan to‘g‘ri foydalanishga yordam berishini aytishgan.

Biroq ko‘pchilik diplomatlarga ko‘ra, ushbu parvoz uzoq masofaga mo‘ljallangan raketa sinovini yashirish uchun xizmat qilishi mumkin.

O‘tgan yakshanba kuni bir guruh horijiy jurnalistlarga Shimoliy Koreyadagi raketa poligoniga kirishga ruxsat berilgan.

Bundan oldin rasmiy Pxenyan mamlakatning birinchi rahbari Kim In Senning 100 yilligiga atab tinchlik maqsadlarida raketa uchirishini bildirgan edi.

Biroq AQSh va Shimoliy Koreyaga qo‘shni davlatlar raketa uchirilishi BMT rezolyutsiyasiga zidligini aytishgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi 2009 yilda yadro sinovlarini o‘tkazganidan so‘ng Shimoliy Koreyaning amallarini qattiq qoralovchi va jazo choralarini o‘z ichiga oluvchi rezolyutsiya qabul qilgan.

Rezolyutsiyaga muvofiq mamlakatda ballistik raketalarni ishlab chiqarishning har qanday loyihasi ta‘qiqlangan.

Vashington yangi jazo choralari bilan po‘pisa qilgan. O‘tgan oylarda Shimoliy Koreya uzoqqa uchuvchi raketalar sinovidan Amerikadan oziq-ovqat yordamlari olish hisobiga voz kechish mas‘uliyatini olgan edi.

Yaponiya va Janubiy Koreya o‘z mamlakatlariga xavf tug‘dirgan taqdirda raketani urib tushirishga tayyor turganliklarini bildirishgan.