O‘zbekiston ayollarni sterilizatsiyalash maxfiy dasturiga ega

BBC Jahon xizmati O‘zbekiston hukumati maxfiy tarzda ayollarni bichish dasturini o‘tkazayotganidan xabardor bo‘lgan. Xotin-qizlar aksariyat holatlarda bu jarrohlik amaliyotidan ogohlantirilmaganlar va yo ulardan rozilik so‘ralmagan. Maqsad mamlakatning tobora o‘sib borayotgan aholisini nazorat ostiga olishdir.

Adolat go‘zal ayol, sokin so‘zlaydi va boshidan kechirganlarini o‘zi uchun sharmandali hol deb biladi.

Adolat bu ko‘rgulikda o‘zining aybi yo‘qligini juda yaxshi biladi, ammo baribir bo‘ynida bir gunoh qolganday his qiladi...

O‘zbekistonda ko‘p bolali oilaga ega bo‘lish madaniyat va an‘ananing ajralmas qismidir.

Katta oila ham obro‘ va ham muvaffaqiyat ramzi sanaladi.

Bu ayol o‘zini omadsiz deb biladi.

"Men kimman endi", deb savol qiladi Adolat va qizchasining sochlarini silaydi.

Shu qizi tug‘ilganidan keyin uning hayoti o‘zgardi.

"Men doim farzandlarim to‘rtta bo‘ladi deb o‘ylaganman, ikki o‘g‘il va ikki qiz, ammo ikkinchi qizimdan keyin men boshqa homilador bo‘lmadim”, deydi u.

Maxfiy sterilizatsiya dasturi

U shifokor huzuriga borgach, ikkinchi qizini Kesarevo amaliyoti bilan tuqqanidan keyin sterilizatsiya qilinganini bilib qoladi.

"Men dahshatga tushdim! Nimaga deb yig‘ladim, shifokor esa bu O‘zbekistondagi qonun ekanini aytardi", deydi Adolat.

Ammo rasman bichish va yo sterilizatsiya O‘zbekistonda qonun emas.

Ammo BBC qo‘lga kiritgan dalil va guvohliklarda O‘zbekiston mulozimlari o‘tgan ikki yil davomida ayollarni ularning irodasi va roziligiga qarshi bichish dasturini o‘tkazayotganlaridan darak beradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligidagi manbaga ko‘ra, bu maxfiy sterilizatsiya dasturidan maqsad O‘zbekiston aholi o‘sish darajasini nazorat ostiga olishdir.

O‘zbekiston xorijiy jurnalistlarni xushlamaydi.

Meni shu yil Fevral oyi oxirida mamlakatdan chiqarib yuborishdi.

Men Adolat va boshqa ko‘plab o‘zbekistonlik ayollarni qo‘shni Qozog‘istonda uchratdim. Ayni maxfiy dastur haqida telefon, elektron pochta va

mamlakatga safar qilganlar bilan suhbatlar chog‘i ma‘lumotlar to‘pladim.

Men suhbatlashgan biror bir ayol o‘z nomini oshkor qilishni istamadi.

Ular O‘zbekistonning turfa mintaqalarida yashashar va bu ayollarning ko‘rsatmalari shifokorlar hamda tibbiy xodimlarning ayni masalada aytganlariga uyg‘un edi.

Shifokorlar uchun oylik kvotalar

Image caption G‘ayriixtiyoriy sterilizatsiya qurboni bo‘lgan ayollar ham o‘z ismi-shariflari oshkor etilishidan qo‘rqadilar.

"Har yili bizga bir reja berishadi. Har bir shifokorga qancha ayol homiladorlikdan saqlaydigan vositalar bilan ta‘minlanishi kerakligi va yana qanchasi bichilishi shartligi aytiladi”, deydi Toshkentdagi ginekologlardan biri.

Men suhbatlashgan barcha shifokorlar kabi u ham o‘z nomini oshkor qilishni istamadi.

O‘zbekistonda xorijiy jurnalist bilan suhbatlashish uchun qamoqqa tashlanishingiz mumkin.

Bu mamlakatda qiynoq qo‘llanilishi normal holat sanaladi.

"Menga ham kvota berilgandi. Oyiga to‘rt ayolni sterilizatsiya qilishim kerak edi", deydi u.

Yana tibbiyot sohasida ishlaydigan boshqa ikki manbamga ko‘ra, O‘zbekistonning qishloq mintaqalarida vaziyat juda abgor.

Shifokorlar bosim ostida qolishgan.

Bir ginekolog oyida sakkiz nafargacha xotin–qizni bepusht qilishi kerak.

Jizzaxlik uch farzandning onasi bo‘lgan bir ayol har oy uning uyiga mahalliy hamshira kamida ikki marta, ba‘zida bundan ko‘proq kelishi va uni sterilizatsiya qilishga undashini aytadi.

Hamshira hozir sterilizatsiya bepul ekani, keyinroq pullik bo‘lishini aytib unga bosim ko‘rsatar ekan.

Bahora ismli boshqa bir ayol o‘g‘il ko‘rganidan keyin oylarcha qon ketib yurgani, qattiq og‘riq ostida bo‘lganini aytadi.

Keyinroq tekshiruvlar natijasida uning bachadoni olib tashlangani ma‘lum bo‘ladi.

"Ular menga ikki nafar bolangiz bor ekanu, yana nima kerak sizga deyishdi", deb hikoya qiladi bu ayol.

BBC bu kabi hikoya va ko‘rsatmalarni Farg‘ona vodiysi, Buxoro viloyati va Toshkent yaqinidagi ikki qishloqdan ham oldi.

Shifokorlarning ishonishicha, sterilizatsiya dasturi O‘zbekiston hukumatining aholi o‘sishini nazorat ostiga olish rejasi bilan bog‘liq.

Aholi sonini nazorat qilish

2010 yilda Ekspert Ishchi Guruhi yetti oy mobaynida tibbiyot professionallari o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan va o‘shanda 80000 sterilizatsiya holatining dalilini qo‘lga kiritgan.

Sterilizatsiya haqidagi ilk ma‘lumotlar 2005 yilda paydo bo‘lgan, o‘shanda Gulbahor To‘rayeva o‘zi ishlaydigan Andijon shahri shifoxonasining o‘likxonasiga yosh, sog‘lom ayolning bachadoni keltirilganini qayd etgan.

200 ayolning o‘z bachadonidan ayrilganining dalil-isbotini qo‘lga kiritgan Gulbahor To‘rayeva rahbarlaridan izoh talab qiladi. Aksincha, uning o‘zini ishdan haydab yuboradilar.

2007 yilda To‘rayeva xonim mamlakatga muxolifat adabiyotini kontrabanda yo‘li bilan olib kirishda ayblanib mahkamaga tortiladi. Boshqa ko‘plab insonlar singari Gulbahor To‘rayeva ham ayollarni bichish holatlari haqida intervьyu berishdan bosh tortdi, u o‘zining va farzandlarining kelajagidan qo‘rqishini aytdi.

2007 yilda BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi ham O‘zbekistonda ayollarning o‘z ixtiyorlariga qarshi sterilizatsiya qilinganlari va bachadonlari bog‘lab qo‘yilganlari haqida xabar qilgan va shundan so‘ng mamlakatdagi majburiy sterilizatsiyalar soni kamaygandek ko‘ringan.

O‘shandan keyin ham O‘zbekiston mamlakat aholisining soni oshib borayotganidan xavotirlanib keladi, rasman 2012 yil oxiriga borib o‘zbekistonliklarning soni 30 millionga yetishi xabar qilingan.

Image caption Shahar shifokorlari qishloq ayollarini sterilizatsiya qilish uchun safarbar etilganlar

Ammo ayrim demograflar ko‘p sondagi odamlarning mamlakatdan tashqarida ekanini hisobga olib bu raqamni shubha ostiga oladilar.

O‘zbekistonda eng oxirgi aholini ro‘yxatga olish 1989 yilda o‘tkazilgan, o‘shanda aholi 24 millionni tashkil etgan.

Lekin tibbiyot manbalari 2009 va 2010 yillarda yana O‘zbek hukumati tibbiyot muassasalariga ixtiyoriy jarrohlik kontratseptsiya amaliyotini o‘tkazish jihozlarini o‘rnatishga buyruq bergan, bu, aftidan, aholi soni yana ko‘paygani alomati bo‘lgan.

"Qog‘ozda sterilizatsiya ixtiyoriy bo‘lishi kerak, deb yozilgan, amalda esa ayol kishida tanlov imkoniyati yo‘q", deydi o‘zining ismi-sharifini oshkor etilishini istamagan viloyat shifoxonalaridan birining yetakchi shifokori.

2009 yilda poytaxt doktorlari qishloq joylaridagi sterilizatsiya xizmatlarini kuchaytirish maqsadida viloyatlarga yuborilganlar.

"Ayollarga, ayniqsa, kambag‘al ayollarga o‘zingning gapingni o‘tkazish oson. "Yana bola ko‘rish sizning sog‘lig‘ingga zarar, shuning uchun siz uchun eng yaxshi yo‘l sterilizatsiya", deb aytish mumkin. Yoki bu gaplarni aytib o‘tirmasdan ham jarrohlik amaliyotini qilib yuborishing mumkin", deydi shifokor.

Men suhbatlashgan bir necha doktorning aytishicha, oxirgi 2 yilda Kesarevo operatsiyalarining soni butun mamlakat bo‘ylab rosa ko‘paygan, bu esa o‘zbekistonlik xotin-qizlarning 6,8 foizi Kesarevo amaliyoti bilan farzand ko‘rgani haqidagi raqamni shubha ostiga qo‘yadi.

"Qachon Kesarevo amaliyotini qo‘llash lozimligi borasidagi talablar juda qattiq, ammo men ayollarning 80 foizi ana shu yo‘lda farzandli bo‘layotganlariga ishonaman. Bu narsa sterilizatsiya amaliyotini bajarish va bachadon yo‘lini tugishni osonlashtiradi", deydi Toshkent yaqinidagi shifoxonalardan birining yetakchi jarrrohi.

Xalqaro munosabatlar

Image caption Prezident Islom Karimov 2012 yilni O‘zbekistonda "Mustahkam oila yili" deb e‘lon qilgan.

Qator doktorlar va professional mediklarning aytishlaricha, majburiy sterilizatsiya faqat aholi sonini nazoratda ushlab turish maqsadinigina ko‘zlamaydi, bu onalar va bolalar o‘limini ham kamaytirish yo‘li hamdir.

"Bu oddiy formula - ayollar qancha kam tug‘sa, ular orasida o‘lim ham kam bo‘ladi", deydi boshqa bir jarroh.

Bu narsa O‘zbekistonga xalqaro tashkilotlarning ro‘yxatlarida yuqori o‘rinda turish uchun kerak, deydi u.

"O‘zbekiston uchun faqat raqamu-xalqaro o‘rinlar muhimga o‘xshaydi. Mening fikrimcha esa, bu haqiqatga emas, qandaydir hisobotga tayanishga muhtoj diktaturalar uchun tipik holat", deydi Human Rights Watch vakili Stiv Sverdlou.

Stiv Sverdlouning ishonishicha, tashqi davlatlar ko‘p narsaga qodirlar. Yaqin-yaqingacha ham Prezident Islom Karimov G‘arb yakkalab qo‘ygan rahbar edi.

Ammo oxirgi yillarda ham AQSh va ham Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonga nisbatan sanktsiyalarni olib tashladi, ular orasida O‘zbek hukumatiga qurol sotish haqidagi AQSh taqiqi ham bor.

Buning sababi Amerikaning Pokiston bilan munosabatlari yomonlashib borayotgani hamda NATOning Afg‘onistondagi qo‘shinlariga yuklarni olib kirish va olib chiqishda tobora ko‘proq Markaziy Osiyo yo‘llari, jumladan, O‘zbekiston hududidan ham foydalanishiga to‘g‘ri kelayotganidadir.

Oxirgi oylarda O‘zbekistonga bir necha nufuzli g‘arblik siyosatchilar tashrif buyurdilar va ular orasida mamlakatdagi inson huquqlari ahvoliga sharh berganlari kam bo‘ldi.

"G‘arb bilan munosabatlarida Karimov shunga erishdiki, inson huquqlarini toptagani uchun hech qanday jazo chorasi ko‘rilmaydi. Gap inson haqlariga borib taqalsa, sukunat cho‘kadi. Majburiy sterilizatsiya haqidagi xabarlar bu sukunatni buzishga da‘vat qiladi", deydi Stiv Sverdlou.

BBCning vaziyatni izohlab berish haqidagi so‘roviga O‘zbekiston hukumatining yozma javobida aytilishicha, majburiy sterilizatsiya dasturi haqidagi ayblovlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, mamlakatga qarshi qaratilgan bo‘hton, deb ko‘rilishi lozim.

O‘zbekiston hukumatiga ko‘ra, jarrohlik kontratseptsiyasi keng tarqalmagan va faqat ixtiyoriy ravishda, mutaxassis bilan maslahatlashilganidan keyin va ham ota va ham onaning yozma roziligidan so‘ng amalga oshiriladi.

O‘zbekiston hukumatining qayd etishicha, O‘zbekistonning onalar va bolalarni muhofaza qilish ko‘rsatkichlari a‘lo darajada va dunyodagi boshqa mamlakatlarga o‘rnak bo‘lishi mumkin.

Ammo aksar o‘zbekistonlik ayollar singari Nigora uchun ham o‘z ixtiyoriga qarshi sterilizatsiya bor gap. U Kesarevo amaliyoti vositasida farzandli bo‘lgan. Va ertasi kuni unga sterilizatsiya qilinganini aytishgan.

O‘sha kuni uning chaqalog‘i olamdan o‘tgan.

Nigora endi hech qachon farzand tug‘olmaydi.

Bu borada siz qanday ma‘lumotga egasiz?

O‘z ma‘lumotingiz, xabar va fikr-mulohazalaringizni BBC bilan o‘rtoqlashing!

Elektron pochtamiz manzili: uzbek@bbc.co.uk

Yoki quyidagi maxsus formadan foydalaning!