Xitoy O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirishni istaydi

Image caption O‘zbekiston Xitoyning Markaziy Osiyodagi ishonchli sheriklaridan hisoblanadi

Xitoy yuqori harbiy mulozimi mamlakati O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Bu haqda Xitoy Markaziy harbiy kengashi raisining muovini Syuy Tsayxou 10 aprel kuni Pekinda O‘zbekiston Qurolli kuchlari birlashgan shtabining boshlig‘i Viktor Mahmudov bilan uchrashuvi chog‘ida aytgan.

Xitoyning rasmiy "Jenmin Jibao" gazetasi yozishicha, mazkur uchrashuv paytida Syuy Tsayxou ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi "an‘anaviy do‘stlik tomirlari uzoq o‘tmishga borib" taqalishini aytgan.

Syuy Tsayxou Sovet Ittifoqi parchalanganidan buyon Pekin va Toshkent o‘rtasidagi ikkitomonlama aloqalar "sog‘lom va barqaror" rivojlanayotganini ta‘kidlagan.

"Xitoy O‘zbekiston bilan birgalikda har tomonlama do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlarini uzluksiz rivojlantirishga tayyor", - deb aytgan Xitoy yuqori harbiy mulozimi.

Syuy Tsayxouning aytishicha, "oxirgi yillarda" ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy aloqalar "ko‘ngildagidek" rivojlanmoqda.

U Xitoy va O‘zbekiston harbiy kuchlari o‘rtasida "amaliy almashuv va hamkorliklarni" davomli o‘sishiga umid bildirgan.

O‘z navbatida Viktor Mahmudov O‘zbekiston Xitoyning Markaziy Osiyodagi "ishonchli do‘sti va sadoqatli sherigi" ekanini aytgan.

U O‘zbekiston Xitoy xududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar 20 yil muqaddam o‘rnatilgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorligi 90-yillar oxirida kuchaydi.

Toshkent va Surxandaryo viloyatlariga O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari sizib kirishi ortidan Xitoy O‘zbekistonga harbiy jihozlar yetkazib bergandi.

O‘z navbatida O‘zbekiston Xitoyga qidiruvda bo‘lgan uyg‘ur faollarini tutish va deportatsiya qilishda ko‘mak berib keladi.