Toshkent-Dushanbe aloqalarida gaz, suv va ta‘sirga ega bo‘lish harakatlari

Image caption O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida hal etilishi lozim masalalar ko‘pligiga qaramasdan, ikki davlat rahbarlari kam muloqot qilishlari aytiladi

"O‘zbekiston qo‘shni Tojikistonga gaz uzatishdan ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan manfaatdor".

Toshkentdan iqtisodiy tahlilchi Anvar Husaynov O‘zbekistonning Tojikistonga gaz uzatishni qayta yo‘lga qo‘yish qarorini xuddi ana shunday izohlaydi.

Iqtisodiy omillar, avvalo, tashqi xaridorni butunlay yo‘qotib qo‘ymaslik va tayyor gaz quvurlaridan foydalanishdir.

Ayni damda, siyosiy manfaatlar ham oz emas.

"Gaz uzatib tursa, O‘zbekiston qo‘shnisiga siyosiy ta‘sir qilish kuchiga ham ega bo‘ladi" - deydi Anvar Husaynov -"Chunki Tojikiston gaz o‘rniga ko‘mir ishlatamiz, degan ekologik jihatdan noo‘rin yo‘lga o‘tishini e‘lon qilgandi".

Ammo Toshkent Tojikistonga boradigan gaz oqimini deyarli har yili to‘xtatib turadi.

"Bir tarafdan to‘lovlar masalasi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan" - deydi o‘zbek tahlilchisi - "Lekin asil sababi Tojikistonning Rog‘un GESi qurish harakatlaridir".

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ikki qo‘shni munosabatlarining sovushi hali 90-yillardayoq boshlangan. Ammo so‘nggi paytlari tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Tojikiston tarafi O‘zbekiston butun ta‘sir vositalarini ishga solib, temir yo‘l va gaz ta‘minotini to‘sib qo‘ymoqda, deb ayblaydi.

O‘zbekiston esa bu o‘rinda to‘lovlar va yoki texnik sabablarni keltiradi.

Tojikistonda qish paytlari energiya taqchilligi kuchayarkan, Toshkent tarafidan gaz va elektrning uzib qo‘yilishi sababiga e‘tibor qaratiladi.

O‘zbekistonda esa yozgi suv yetishmasligi va qurg‘oqchilik sabablarini yuqori oqimdagi mamlakatda qurilayotgan GES va suv omborlari bilan izohlay boshlashgan.

Ham o‘zbek va ham tojik tahlilchilari bu ikki davlat rahbarlari o‘rtasida yetarlicha muloqot yo‘qligini, ikki o‘rtada hal etilishi lozim masalalar ko‘pligiga qaramay, davlat rahbarlari o‘ta kam uchrashishlarini aytishadi.

O‘zbekiston o‘rtadagi chegaralarni minalagani va viza tizimini joriy etgani bois, oddiy odamlar orasida ham chegara osha bordi-keldi juda cheklanib qolgan.

Ayni damda Eron va Rossiya kabi davlatlar O‘zbek-Tojik munosabatlaridagi hassoslikni o‘z manfaatlari yo‘lida suiste‘mol qilishlari mumkin, degan xavotirlar ham yo‘q emas.

Tehron va Moskva Rog‘un GESi qurilishini qo‘llashni anglatadigan bayonotlar berishgan. Kuzatuvchilarga ko‘ra, xalqaro tashkilotlar va qudratli mamlakatlar bu borada yetarlicha e‘tibor qaratishmayotir.

O‘zbekistonlik mutaxassislarning fikricha, ulkan Rog‘un suv omborida ushlab qolinadigan suv tortilib qolishi bosh muammo emas. Balki o‘ta baland to‘g‘onning zilzila tez-tez yuz beradigan bir mintaqada qurilishi xavf uyg‘otadi.

Ammo Tojikiston energiyaga o‘ta tashna. Suvtalab paxtachilikka asoslangan O‘zbekiston uchun esa yuqori oqimdan keladigan daryolar juda muhim.

"Tojikiston ham, O‘zbekiston ham murosaga borishi kerak. Balki kattadan bir qadam, degandek O‘zbekiston o‘z energetika siyosatini o‘zgartirar" - deydi Anvar Husaynov -"Istagancha bizdan gaz va elektr oling, faqat Rog‘unni qurishni to‘xtating, deb aytsin. Buni xalqimiz ham qo‘llaydi".

Hozircha esa o‘zaro manfaat va ehtiyoj kuchliligiga qaramay, ikki mamlakat munosabatlarida murosa-madora ko‘zga tashlanayotgan ko‘rinmaydi.