Norvegiya: Anders Breyvik o‘zini aybdor deb tan olmagan

Image copyright Reuters
Image caption Jinoyatchi qo‘lidagi kishan yechilishi bilan qo‘lini musht qilib ko‘kragiga qo‘ygan, keyin natsistlarga o‘xshab o‘ng qo‘lini yuqoriga ko‘targan.

Osloda 77 inson umriga zomin bo‘lgan Anders Breyvik ustidan mahkama boshlangan. U Norvegiya poytaxtida portlash uyushtirgani va Utoyya orolida o‘smirlarni otib o‘ldirganini tan olgan, o‘ziga qo‘yilgan terrorizm ayblovini rad etgan.

Mahkama boshlanishida 33 yoshli Anders Breyvikka qo‘yilgan rasmiy ayblov o‘qib eshittirilgan.

Hakamning qo‘yilgan ayb tan olasizmi degan savoliga Breyvik yo‘q, deb javob bergan.

Shuningdek, u bu mahkamani tan olmasligini, sababi mahkama "multikulturizmni dastaklaydigan siyosiy partiyalarga qaram", deb aytgan.

Breyvik o‘zining ishini fuqaroviy mahkamada emas, tribunalda ko‘rib chiqilishi kerakligini aytgan.

Mahkamaning bir qismini Norvegiya televideniyesi namoyish etgan.

Bundan oldin Anders Breyvik mahkamani o‘zining ektremistik qarashlarini ifodalashda foydalanadi, degan xavotirlar bildirilgan.

Mahkama zaliga olib kirilib, uning qo‘lidagi kishan yechilishi bilan qo‘lini musht qilib ko‘kragiga qo‘ygan, keyin natsistlarga o‘xshab o‘ng qo‘lini yuqoriga ko‘targan.

2011 yil 22 iyulida Oslo markazida bir avtomobil portlatilgan, oradan biroz vaqt o‘tganidan keyin Osloga yaqin Utoyya oroliga yig‘ilgan o‘spirinlar otib o‘ldirilgan edi.

Breyvik bu jinoyatlarni sodir etganini tan olgan.

Oslodagi portlashda sakkiz inson halok bo‘lgan.

69 kishi Utoyya orolida hayotdan ko‘z yumgan, ular Norvegiyada hozir qudratda bo‘lgan Ishchilar partiyasining yoshlar qanoti a‘zolari bo‘lganlar.

Anders Breyvik Ishchilar partiyasi vakillariga bu partiya Ovro‘poda "musulmonlar bosqini"ga bamaylixotir qo‘l qo‘yib berayotgani uchun hujum qilganini aytgan.

Uning xotirjamlik bilan sodir etgan jinoyati butun dunyoni larzaga solgan.

Breyvikning ruhiy salomatligini tekshirishga qaror qilingan.

2011 yil noyabrida psixiatrlar Breyvikni paranoidal shizofreniyaga chalingan degan xulosaga kelganlar.

Biroq yaqinda o‘tkazilgan yana boshqa bir tekshiruv uni ruhiy sog‘lom deb topgan.

Mahkamada ikki ruhiy tekshiruv xulosalari ham o‘rganib chiqiladi.

Agar mahkama uni ruhiy nosog‘lom deb topsa, majburiy davolash qarori qabul qilinishi mumkin.

Agar Breyvik sog‘lom degan xulosaga kelinsa, Norvegiya qonunlari bo‘yicha 21 yilik qamoq jazosi belgilanishi, undan keyin u umrbod qamoq jazosiga uzaytirilishi mumkin.