Isroil hujumga ishora qilar ekan, Eron yana muzokaraga rozi bo‘ldi

Image copyright Reuters
Image caption Eron prezidenti o‘z mamlakati yadroviy dasturidan voz kechmasligini aytmoqda

Turkiyaning Istanbul shahrida Eronning yadroviy dasturini to‘xtatish borasidagi yangi muzokaralarga oltita qudratli davlatlar va Eron vakillari kelishgan.

AQSh, Britaniya, Frantsiya, Xitoy, Rossiya va Olmoniya bu muzokaralar mintaqada tobora chuqurlashib borayotgan tanglikni aritishiga umid qilishmoqda.

Eron o‘z yadroviy dasturi tinchlik maqsadlarida ekanini aytib keladi, biroq tanqidchilar uning yadroviy qurollarni ishlab chiqarishga urinayotganiga ishonadilar.

Oxirgi oylarda Isroil Tehronning bu kabi qurollarga erishishining oldini olish uchun Eronga hujum qilishi mumkinligiga ishora qilgan.

Mazkur muzokaralar Eron va jahonning eng qudratli davlatlari o‘rtasida oxirgi 15 oy ichida o‘tkazilayotgan ilk muzokaralardir.

BBCning Istanbuldagi muxbiri Jeyms Reynoldsga ko‘ra, vakillar juda katta yutuqlarga ko‘z tikishmagan - ikkala tomondan ham tafsilotli va avvalgilaridan farqli takliflar chiqishi kutilmaydi.

Lekin, ular Eron haqiqatdan ham muloqot qilish istagida ekanini ko‘rishni istaydilar. Agar shunday bo‘lsa, 4-6 haftadan so‘ng yana muzokaralar o‘tkaziladi.

"Yangicha ishonch"

Olti qudratli davlatlar mazkur muzokaralar hech bo‘lmasa mintaqadagi ehtiroslarni tinchitishiga umid qilishmoqda.

Rossiya muzokaralar "konstruktiv" bo‘lishi kerakligini aytgan va ikki tomonni ham o‘zaro farqlarni yanada bo‘rttirib ko‘rsatmaslikka chaqirgan.

"Biz ikki tomon istaklarini ham aks ettiradigan o‘rta nuqtani topishimiz lozim. Muzokaralar ishonchni yangilashi kerak", - dedi Rossiya Tashqi Ishlar Vaziri Muovini Sergey Ryabkov.

AQSh Prezidenti Barak Obama uchrashuvni diplomatiyaning "oxirgi imkoniyati" deya tasvirlagan, va Davlat Kotibi Hillari Klinton Eron "yadroviy qurolga erishish istaklaridan voz kechganlarini amalda yaqqol namoyon qilishlari kerak", deb aytgan.

Biroq, Eron vakillik guruhiga yaqin bo‘lgan bir manbaning aytishicha, Eron G‘arbning mavqeidan norozi.

Payshanba kuni Eron Prezidenti Mahmud Ahmadinajod Eron o‘z huquqlaridan voz kechmasligini bildirgan.

Isroil Bosh Vaziri Benyamin Netanyahu isroilliklarning "yo‘q qilinish xavfi ostida yashash"iga hech qachon yo‘l qo‘ymasligini aytgan va agar diplomatiya ish bermasa, Eron yadroviy inshootlariga qarshi hujum qilishiga ishora qilgan.