Anjelina Joli va Bred Pitt turmush qurishlarini e‘lon qilishdi

Image copyright Reuters
Image caption Pitt va Joli olti farzandga egalar

Gollivud yulduzlari 36 yoshli Anjelina Joli va 48 yoshli Bred Pitt turmush qurishga ahd qilishgan. Ularning voizi to‘y kuni hali belgilanmaganini bildirdi.

Kino olamidagi eng mashhur juftlik sanaluvchi ikkovlon 2005 yildan beri birga yashab kelishmoqda.

Ularning olti farzandi bor, xususan uchta farzandni asrab olishgan. Voiz Joli va Pitt turmush qurish ahdi tufayli o‘zlarini juda baxtli his qilishayotganini aytdi.

Amerikalik aktyorlar Jon Voyt va Marshelin Bertranning qizi bo‘lgan Joli xonim "Mister va Missis Smit" filmida Pitt bilan tanishgan. U 1999 yilda "To‘xtatilgan qiz" filьmidagi roli uchun Oskar mukofotiga sazovor topilgan.

U o‘tmishda aktyorlar Jonni Li Miller va Billi Bob Torntonlarga turmushga chiqqan.

Pitt janoblari esa "Jang klubi", "Etti" va yaqin orada ishlangan "Hayot daraxti" filmlari bilan muhlislariga yaxshi tanish.

Avvalroq u aktrisalar Gvinet Peltrou va Jennifer Aniston bilan ishqiy aloqada bo‘lgan. U Joli bilan uchrashishidan avval Aniston bilan turmush qurgan edi.

Joli va Pitt xalqaro insonparvarlik amaliyotlarida faol ishtirok etib keladilar.

Joli 2001 yilda BMT qochqinlar agentligining elchisi etib tayinlangan. U, shuningdek, Joli-Pitt jamg‘armasi nomli hayriya tashkilotiga asos solgan.