"O‘zbekiston ishlatayotgan konlarni Qirg‘iziston qaytarib olsin"

Image caption Qator qirg‘iz deputatlari Botkendagi gaz konlarini O‘zbekistondan qaytarib olish masalasini umumparlament muhokamasiga qo‘yishmoqchi

Qirg‘iziston parlamenti vakillari chegaradosh hududlarda joylashgan va hozir O‘zbekiston foydalanib kelayotgan gaz konlarini Qirg‘iziston nazoratiga o‘tkazishni talab qilishmoqda.

Qirg‘iz parlamenti Yoqilg‘i va Energetika qo‘mitasi vakillari hukumatga yo‘llagan talabnomada So‘x, Shimoliy So‘x va Katta Qora Galcha gaz konlari nazoratini Qirg‘iziston tasarrufiga o‘tkazib berish masalasini muhokama qilish so‘raladi.

Qirg‘iz tarafiga ko‘ra, bu konlar Botken viloyatida joylashgan va O‘zbekiston hali Sho‘ro davrida ularni ijaraga olgandi. Lekin qirg‘iz tarafi O‘zbekiston na konlarni ishlatgani uchun ijara haqini to‘laganini, na konlarning o‘zini qaytarib berganini aytmoqda.

Qirg‘iz deputatlariga ko‘ra, agar bu konlarni O‘zbekistondan qaytarib olishmasa, mahalliy aholi ularni noqonuniy ravishda bosib olishga tayyormiz, deb hali o‘tgan yildan beri po‘pisa qilib keladi.

Mulozimlarning aytishicha, ayrim botkenliklar allaqachon o‘zbek konchilari quvurlariga quvur ulab, tabiiy gazni o‘g‘irlashga tushishgan.

Yoqilg‘i va Energetika qo‘mitasi talabiga binoan, ushbu konlar masalasi umumparlament muhokamasiga qo‘yilishi va gaz konlariga aloqador O‘zbek-Qirg‘iz chegara chiziqlari aniqlanishi darkor.

"Bizning hududimizdagi neft va gaz konlarini hali 1992 yildan beri O‘zbekiston ishlatib keladi. Bu konlarni bizga qaytarib berish talablariga esa O‘zbekiston haligacha javob bermagan" - deb aytadi "Qirg‘izgaz" shirkati mudiri Turg‘unbek Qulmirzayev.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, agar konlar O‘zbekistondan qaytarib olinmasa, 15 yildan keyin u yerda gaz zaxiralari tugab, faqat temir-tersak qoladi.

Qirg‘iziston janubidagi konlar masalasi ilgari ham bir necha bor ko‘tarilgan edi. Qirg‘iz deputatlari ayni masalada hukumat yetarlicha ish olib bormayapti, deb tanqid qiladilar.

Qirg‘iz tarafiga muvofiq, o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston chegaradosh hududdagi mazkur konlardan ikki million kubometr gaz qazib olgan. Mutaxassislarga ko‘ra, bu hajmdagi gaz mamlakatning faqat ikki kunlik ehtiyojini qoplaydi, xolos.

Ayni damda, gaz konlarini qaytarib olgan taqdirda ham ularni qanday ishlatish masalasida savollar ko‘p. Qirg‘izistonda bu uchun mutaxassis va texnika yetishmaydi.