Shimoliy Koreya yangi rahbari ilk bor omma oldida chiqish qildi

Image copyright AFP
Image caption Nutqida Kim Chen In aytishicha, Shimoliy Koreya oldidagi asosiy vazifa qurolli kuchlar qudratini oshirishdir.

Shimoliy Kooreyaning yangi rahbari Kim Chen In bobosi Kim Ir Senning 100 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradda nutq so‘zlagan.

Tantanali marosimni Shimoliy Koreya davlat televideniyesi namoyish etgan.

Bu mamlakatni 17 yil boshqargan Kim Chen Ir vafotidan keyin boshqaruv qo‘liga o‘tgan uning o‘g‘li Kim Chen Inning omma oldida ilk bor chiqishi bo‘lgan.

Kim Chen Ir 2011 yil dekabrida olamdan o‘tgan, Kim Chen Inning yoshi 30 ga yaqin deb ko‘riladi.

Kim Chen Inning ma‘ruzasi 20 daqiqacha davom etgan, uning so‘zlari poytaxt Pxenyanning asosiy maydonida yig‘ilgan minglab askarlar va fuqarolar tomonidan qarsaklar bilan olqishlab turilgan.

Harbiy parad Shimoliy Koreyaning o‘z raketasini uchirishga muvaffaqiyatsiz harakat qilganidan ikki kun o‘tib uyushtirilgan.

Marosimda yangi raketa namoyish etilgan, muxbirlarga ko‘ra, bu Shimoliy Koreyaning yangi o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketasi bo‘lishi mumkin.

Paradni kuzatganlarning aytishlaricha, yangi raketa 16 g‘ildiragi bor avto ustiga ortilgan bo‘lgan, uning boshqa avtomobillardan ancha katta ekani yaqqol ko‘zga tashlanib turgan.

Mamlakat rahbari Kim Chen In o‘z nutqida Shimoliy Koreya harbiylariga yuqori baho bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "harbiy texnologiyalar bo‘yicha ustunlik endi imperialistlar ixtiyorida emas".

Shimoliy Koreyaga yadroviy qurol bilan po‘pisa qilingan "zamonlar ortda qoldi", degan Kim Chen In.

Mamlakat oldidagi asosiy vazifa qurolli kuchlar qudratini oshirish, deb aytgan Shimoliy Koreya rahbari.

"Askarlar zambaraklardan muhiroqdir, zobitlar o‘z qo‘li ostidagilarga ukalari va singillaridek muomala qilishlari kerak", deb aytgan u.

Tinchlik muhim, biroq milliy faxr bundan ham muhimroq, degan yangi rahbar.

Kim Chen In Janubiy Koreya va dunyoning boshqa joylaridagi ikki Koreyani birlashtirish istagidagi insonlarga o‘z salomini yetkazishini aytgan, bir necha o‘n yildan buyon Koreya yarim oroli ikkiga bo‘linganidan afsusda ekanini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya ikki Koreyani birlashtiradigan hamma bilan hamkorlik qilishga tayyor.

Kim Chen In nutqidan keyin harbiylari paradi o‘tkazilgan.